Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida raqamlashtirish va axborot xavfsizligi bo‘yicha professional sudyalar malakasi oshirilmoqda
Zamonaviy dunyoda axborot va kiberxavfsizlik masalasi tobora muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. Texnologik rivojlanish natijasida kibertahdidlar soni va salmog‘i ortib borayotgan bir paytda, kiberxavfsizlik bo‘yicha malakali xodimlar muhim infratuzilma va ma’lumotlarni himoya qilishda muhim rol o‘ynaydi. Shu nuqtai nazardan, kiberjinoyatlarni tergov qilish va surishtiruv faoliyatida ishtirok etuvchi mutaxassislar, jumladan, professional sudyalar malakasini oshirish, ayniqsa katta ahamiyat kasb etadi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida maxsus dastur asosida sudyalar malakasini oshirish kurslariga start berildi. Malaka oshirish kurslarida professional sudyalarga kompleks yondashuv asosida raqamlashtirish jarayonlari va raqamli texnologiyalar, axborot xavfsizligi, shuningdek, texnik, huquqiy va amaliy jihatlar bilan uyg‘unlashgan zamonaviy kibertahdidlarga samarali qarshi turish ko‘nikmalari va kompetensiyalarini shakllantirish bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, maxsus o‘quv kurslarida kibermaydonda yuzaga keladigan axborot tahdidlari, kiberxavfsizlikning asosiy yo‘nalishlari, kiberjinoyatchilik hamda unda huquqni qo‘llash amaliyoti yuzasidan ham nazariy va amaliy bilimlar beriladi. Maxsus o‘quv kurslari bir oy davom etadi.
Kurslarni muvaffaqiyatli tugatgan barcha ishtirokchilarga ularning kasbiy kompetentsiya va malakalarini tasdiqlovchi sertifikatlar topshirildi.