AZIZ USTOZ VA MURABBIYLAR!
Bugungi kunda universitetimizda zahmat chekib faoliyat yuritayotgan barcha pedagog xodimlarni “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan oʻzim va universitet maʼmuriyati nomidan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Xalqimizda «Har ishning bir ustasi bor, har ustaning bir ustozi» degan purmaʼno maqol bejizga tez-tez tilga olinmaydi. Albatta, dunyo yaralibdi-ki, azaldan odamzod bir-biriga ustoz va shogird boʻlib kelmoqda. Jamiyatning buguni va kelajagi, uning madaniy-maʼrifiy va maʼnaviy salohiyati taʼlim tizimining qay darajada rivojlanganligi bilan belgilanadi. Taʼlim-tarbiya tizimidagi isloxotlarning muvaffaqiyati koʻp jihatdan oʻqituvchi va murabbiylarga bogʻliq. Taʼkidlash joizki, inson uchun hayoti davomida odob-axloq va kasb-hunar oʻrgatadigan, yoʻl-yoʻriq koʻrsatadigan ustozning borligi juda ham muhim. Ayniqsa, bugungi axborot texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan davrimizda ulgʻayib borayotgan yosh avlodni har tomonlama bilimli, zamonaviy innovatsion texnologiyalarni chuqur biladigan, kreativ yoshlarni tarbiyalashda, ularga bilim berishda, nafaqat ilm, balki hayotiy saboqlar berishda ustozlarning oʻrni juda muhim.
Hech kimga sir emaski, universitetimiz hozirda nafaqat respublikamizda, balki jahon miqyosida yuqori oʻrinlarga koʻtarilib bormoqda. Albatta, bunday natijalarga erishishda TATUda faoliyat yuritayotgan oʻqituvchi va murabbiylarimizning hissalari beqiyos.
Shuningdek, bugun nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyo hamjamiyatida ogʻir davr – koronavirus pandemiyasi davom etmoqda. Kutilmaganda paydo boʻlgan bu balo nafaqat siyosiy, iqtisodiy, balki taʼlim sohasiga ham katta taʼsir koʻrsatmoqda. Taʼlim jarayoni onlayn shaklga oʻtkazildi. Ammo mana shunday qiyin va masʼuliyatli davrda bilim berish oʻzining yuksak eʼtiqodi ekanligini chuqur his etib, talabalarga taʼlim berayotgan ustoz va murabbiylarimizni har qancha eʼzozlasak kam! Ayniqsa, bizning shiddat bilan oʻzgarib borayotgan axborot texnologiyalarida sohasida.
Yana shuni unutmasligimiz kerakki, mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarda AKTga hamda bu borada mutaxassislariga boʻlgan ehtiyoj ortib bormoqda. Bugungi kunda Yurtimizda aynan axborot texnologiyalari boʻyicha mutaxassislarning asosiy qismi bizning universitetimiz bitiruvchilaridir!
Muhtaram ustozlar!
Aziz professor-oʻqituvchilar!
Fursatdan foydalanib, yana bir karra Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan, siz azizlarni chin qalbimdan samimiy tabriklayman!
Sizlarga oilaviy baxt, tinchlik, xotirjamlik, sihatlik-salomatlik tilayman!
Toʻlqin TESHABOYEV,
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor.