Chorak asr – tarix ummonida ko’z ochib yumgunchalik qisqa fursat. Lekin o’tgan davr mobaynida mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida asrlarga tatigulik ulkan islohotlar, bemisl bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.
Bugun taraqqiyotning “o’zbek modeli”dan jahonning ko’plab davlatlari andoza olayotgani hech kimga sir emas. Ayniqsa, dunyoda o’xshashi yo’q tuzilma – mahalla instituti tomonidan yoshlarni barkamol qilib tarbiyalash, ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirish, aholi bandligini ta’minlash, hududlar infratuzilmasini yaxshilashdek ezgu ishlar nafaqat xalqimiz, ayni paytda, jahon afkor-ommasi tomonidan ham e’tirof etilmoqda, tahsinga sazovor bo’lmoqda.
Joriy yil barcha yurtdoshlarimiz jonajon Vatanimizning qutlug’ 25 yillik to’yini katta tantana qiladi. Ayni kunlarda yurtimizning barcha vazirlik va idoralari, korxona va tashkilotlarida eng ulug’, eng aziz ayyom – Mustaqillik bayramiga qizg’in tayyorgarlik ko’rilmoqda.
Joriy yilning 23-may kuni “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi tomonidan ham “O’zbekison Respublikasi davlat mustaqilligining 25 yillik bayrami arafasida respublika mahallalarida amalga oshiriladigan tadbirlar dasturini tasdiqlash to’g’risida”gi qarori qabul qilindi.
Shu asosda Fondning hududiy bo’limlari tomonidan hududiy tadbirlar dasturi majmuini shakllantirish va mahallalarda aholi o’rtasida mustaqillikning mazmun-mohiyati, uni asrab-avaylash to’g’risida ma’naviy-ma’rifiy targ’ibot ishlarini olib borish belgilab olindi.
Istiqlol bergan imkoniyatlar bugun mamlakatimizning barcha hududlarida yaqqol ko’zga tashlanmoqda. Har qadamda bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari avjida. Yurtimizda qad rostlayotgan namunaviy loyihalar asosidagi turarjoylar va mahalla idoralari xalqimizning bunyodkorlik salohiyatidan, ertangi kunga ishonchidan dalolat berib turibdi.