Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU Urganch filiali inkubatsiya markazi ochildi

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filialida inkubatsiya markazi faoliyati universitetda va talabalar orasida axborot texnologiyalarini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash ekotizimini yaratish va Respublika bo‘ylab IT ta’limning katta ahamiyat kasb etishini hisobga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 28.04.2020 yildagi PQ-4699-sonli qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 21.09.2018 y. PF-5544-son “2019-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni, Vazirlar Mahkamasining 30.10.2020-yildagi  “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2019-yil 15-iyuldagi 589-son qarorini amalga oshirish maqsadida ishga tushirildi.

Yuqorida ko‘rsatilga qarorlarga asosan Xorazm viloyati hokimi F.Ermanov raischiligida “Xorazm viloati shahar va tumanlarini raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha hududiy Kengash yig‘ilish bayoni №1” ning 11-bandida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi, TATU Urganch filiali, Urganch davlat universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali joriy yilnig birinchi chorak yakuniga qadar mazkur oliy ta’lim muassasalarida yoshlarning innovatsion startap loyihalarini ishlab chiqarishga sharoit yaratish maqsadida inkubatsion markazlarini tashkil etilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filiali inkubatsiya markazi ochilishida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri, Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi, Xorazm viloyati hokimligi hamkorlik qildi.

Respublika hududlarida inkubatsiya markazlarining ochilishi yosh avlodni o‘z IT-loyihalarini rivojlantirish istiqbollari hamda axborot texnologiyalari dunyosidagi dolzarb tendentsiyalar to‘g‘risida xabardorligini oshirishga imkon beradi.

Inkubatsion markazning asosiy vazifalari:

 - innovatsion loyiha yaratishga intilayotgan iqtidorli talaba, magistr va doktorantlarni aniqlash;

 - ilg‘or biznes g‘oya va ilmiy-ishlanmalarini inkubatsiya qilish;

 -  startap loyihalarini amalga oshirishda talabalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;

 - universitetning ilmiy, texnik va texnologik ishlanmalarini tijoratlashtirishga ko‘mak ko‘rsatish;

 - innovatsion xalqaro dasturlarda ishtirok etish.

Mazkur inkubatsiya markazi universitet talabalarining IT sohasidagi salohiyatini oshirish hamda ular orasida startap ekotizimini targʻib qilish, shuningdek, yuqori texnologik mahsulot va startaplarni yaratishga yordam beradi.

Takidlab o‘tish joizki, oliy oʻquv yurtlari qoshida inkubatsion markazlarini ochishdan asosiy maqsad – bu iqtidorli yoshlar orasida yaratilayotgan innovatsion markazlar soni va sifatini oshirish. Oʻz navbatida, inkubatsion markaz asl ilmiy-texnik gʻoyalarni amalga tatbiq etish, kichik innovatsion loyihalar boʻyicha faoliyatini samarali yuritishi uchun talabalarga zarur shart-sharoitlar yaratadi.