Millatning sevimli adibi

  • Asosiy
  • Millatning sevimli adibi

Said Ahmadning yuz yilligi

2020-yilda buyuk adibimiz, “Oʻzbekiston Qahramoni” Said Ahmad tavalludining 100-yilligi nishonlanadi. Oʻzbek nasrining peshqadam arboblaridan biri Said Ahmad (Husanxoʻjayev) 1920-yil Toshkentning Samarqand darvoza mahallasida dunyoga keldi. 1939-yil oʻrta maktabni, 1941-yil esa oliy oʻquv yurtini tugatdi. Adabiyot darslari va toʻgaraklarida ijodga boʻlgan havasi ortib, qoʻliga qalam ushlagan, vaqtli matbuot uning ijod dorilfununi boʻlgan. Said Ahmad dastlab “Mushtum” jurnalida, Oʻzbekiston radiokomitetida (1942–1943), sobiq “Qizil Oʻzbekiston” (hozirgi “Oʻzbekiston ovozi” gazetasida) (1942–1947), “Sharq yulduzi” jurnalida (1948–1950) ishlagan. Uning birinchi hikoyalar toʻplami “Tortiq” 1940-yilda nashr etiladi.

Urush va urushdan soʻnggi yillarda Said Ahmad koʻplab felyeton, ocherk va hikoyalar yozgan. Uning “Er yurak” (1942), “Fargʻona hikoyalari” (1948), “Muhabbat” (1949) kabi toʻplamlari nashr etilgan. U “Xazina”, “Hayqiriq”, “Rahmat, azizlarim” kabi hikoyalarida ikkinchi jahon urushining dahshatli oqibatlarini hayajonli tasvirlaydi, urush qahramonlarini ulugʻlaydi. Said Ahmadning barcha hikoyalari zamonaviy mavzuda yozilgan. U hikoyalarida tasvirlaydigan har bir voqeadan falsafiy umumlashma chiqarishga, voqealarni lirik taʼsirchanlik bilan ifodalashga, badiiy tasvirlarning xilma-xilligiga erishishga intiladi. “Choʻl burguti”, “Oʻrik domla”, “Lochin”, “Odam va boʻri”, “Boʻston”, “Toʻyboshi” kabi qator asarlari Said Ahmad ijodida ham, oʻzbek nasrida ham yangilik boʻlgan. Adib hikoyalarining bosh qahramoni ichki dunyosi boy zamondoshlarimizdir. Yozuvchi “Togʻ afsonasi”, “Zumrad”, “Muhabbatning tugʻilishi”, “Koʻzlaringda oʻt bor edi”, “Poyqadam”, “Alla”, “Iqbol chiroqlari” asarlarida hayotiy xarakterlar yaratgan.

Said Ahmad oʻzining hajviy hikoyalarida taraqqiyotimizga toʻsiq boʻlayotgan yaramas urf-odatlar ustidan kuladi, muhim maʼnaviy masalalarni oʻrtaga qoʻyadi. Uning “Xanka va Tanka”, “Lampa shisha” kabi oʻnlab hajviyalari fikrimizning dalilidir. Said Ahmad kichik hajviy asarlari bilan oʻzbek radio va televideniyesidagi miniatyuralar teatriga asos solgan. Said Ahmad hikoyalardan asta-sekin yirik polotnolar yaratishga oʻtdi. 1949-yilda chop etilgan “Qadrdon dalalar” va “Hukm” (1958) qissalaridan keyin yaratgan “Ufq” (1964) trilogiyasida urushdan oldingi va keyingi davr muammolari haqida bahs yuritadi. “Jimjitlik” (1988) romanida turgʻunlik davri illatlari fosh etiladi. Soʻnggi yillarda uning “Xandon pista” (1994), “Bir oʻpichning bahosi” (1995) kabi hajviy hikoyalar toʻplamlari chop etildi. Shuningdek, u Oybek, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor, Maqsud Shayxzoda, Shuhrat, Mirtemir va Saida Zunnunovalar haqida xotiralar yaratgan. Said Ahmad dramaturg sifatida ham tanilgan.

U “Kelinlar qoʻzgʻoloni”, “Kuyov” kabi sahna asarlarining muallifidir. Said Ahmad ham qatagʻon davrining ikkinchi toʻlqiniga duchor boʻlgan, qamoq azoblarini tortgan ijodkordir. U “aksilshoʻroviy millatchilar guruhi aʼzosi, zararli gʻoyalar targʻibotchisi” sifatida ayblanib, Qozogʻistonning Qaragʻanda viloyati Jezqazgʻan lagerida boʻladi. Uning “Qorakoʻz majnun” (2002) hikoyalar toʻplami bu haqdagi achchiq haqiqatni roʻy-rost ifodalaydi. Said Ahmadning “Yoʻqotganlarim va topganlarim”, 3 jildlik “Saylanma”si, “Qorakoʻz majnun” va “Kiprikdagi tong” toʻplamiga kirgan bir qator qissa va hikoyalari uning istiqlol yillarida zavq-shavq bilan ijod etganidan dalolat beradi. Adibning koʻpgina asarlari qardosh va xorijiy tillarga tarjima qilingan. U Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan. “Shuhrat” medali, “Buyuk xizmatlari uchun” va “Doʻstlik” ordenlari bilan taqdirlangan.  Said Ahmadning rafiqasi gʻ Saida Zunnunova. 2013-yil 10-iyun kuni toshkent shahridagi oʻzbekiston Milliy bogʻida Sadi Ahmad hamda Saida Zunnunovalarning haykallari oʻrnatilgan.

Sattarova Shaxnoza

TATU Telestudiya tizimlari va ilovalari kafedrasi assistenti