Hurmatli professor-oʻqituvchilar, aziz ayollar!
Yurtimizda yangilanish va yasharish fasli – bahor nafasi urishi bilan, ayollar har qachongidanda koʻproq qadrlana boshlaydi. Xalqaro miqyosdagi keng nishonlanadigan xotin-qizlar kuni yurtimizning har bir goʻshasida, muassasa va tashkilotlarda, mahalla va xonadonlarda oʻz aksini koʻrsatadi.
Faxr bilan aytish mumkinki, ayni mustaqillik yillaridagina xotin-qizlarga ehtirom koʻrsatish, gʻamxoʻrlik qilish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Uning jamiyat va oiladagi oʻrnini mustahkamlash, ijtimoiy hayotdagi faolligini kuchaytirish borasida berilayotgan eʼtibor tufayli bugun yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshish maqsadida dadil odimlayotgan ayollar safi tobora kengaymoqda.
Sharqda azaldan ayol zotiga ehtirom koʻrsatilgan. Mamlakatimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, ularning siyosiy faolligini oshirish, kasbiy, jismoniy, maʼnaviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, oilaning moddiy ahvolini yaxshilash, tibbiy xizmatlardan bepul foydalanish, sogʻlom oilani shakllantirish uchun yaratilgan zarur shart-sharoitlarning barchasida ayolga, uning oilasi va farzandlariga alohida mehr, eʼtibor mavjud. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qayd etganlaridek, “Ayolning nafosati va nazokati, vafo va sadoqati, aql-zakovati va fidoiyligi asrlar mobaynida yer yuzida hayot davomiyligi va abadiyligiga asos boʻlib keladi”.
Ayollarga boʻlgan yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlikning amaliy isboti sifatida xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi rolini kuchaytirish, ular manfaatini himoya qilishga qaratilgan 80 dan ortiq milliy va xalqaro xujjatlar qabul qilinganligini alohida taʼkidlash joiz. Oila, Ayollar, Sogʻlom avlod, Ona va bola, Barkamol avlod, Obod turmush, Sogʻlom bola, “Sogʻlom ona va bola yili” yillari munosabati bilan qabul qilingan Davlat dasturlari, Prezident Farmon va Qarorlari zamirida ham xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilish, ularga keng shart-sharoit yaratib berish maqsadi mujassam.
Oila oʻz nomi, maqomi bilan millat kelajagini belgilab beradigan, bir soʻz bilan aytadigan boʻlsak, oʻlmas qadriyatlarni avloddan-avlodga meros qilib qoldiruvchi ulkan beshikdir. Jamiyat esa ana shu muqaddas qoʻrgʻon ustuni, yaʼni anʼanaviy va qonuniy asosini belgilab beruvchi mustahkam himoya qalʼasidir. Demak, saodatli, tinchlik va farovonlik barqaror boʻlgan yurtning ayollari, onalari ham baxtlidir, desak arziydi.
Men fursatdan foydalanib, Siz ayollarning mashaqqatli lekin sharafli ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman, oilangiz tinch, farzandlaringiz sogʻ, boshingiz omon boʻlsin!
Bayramingiz muborak boʻlsin aziz ayollar!