23 mart kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida PQ-2834-sonli “Toshkent axborot texnologiyalari universitetining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorini bajarish va oliy ta’lim tizimini sifatli axborot bilan ta’minlash maqsadida axborot resurs markazlarini rivojlantirish bo'yicha navbatdagi mahorat darsi tashkil etildi. Mahorat darsini tashkil etish uchun Italiyaning Parma universiteti professori Anna Mariya Tammaro, Qozog‘iston Nazarboyev universitetining kutubxonasi bosh maslahatchisi Pyotr Lapo taklif etildi. Mahorat darsida O‘zbekistonning barcha oliy ta’lim muassasalari axborot resurs markazlari raxbarlari, soha bo‘yicha tahsil olayotgan talaba va magistrantlar ishtirok etdilar. Mahorat darsi interaktiv tarzda tashkil etilib, kutubxona sohasida kadr tayyorlashda, kutubxonada zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish muammolari va ularni jahonning yetakchi mamlakatlari, jumladan, Italiya universitetlari tajribalari misolida yechimi kabi mavzularini yoritishga bag‘ishlandi.
Mahorat darsi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti “Axborot kutubxona tizimlari” kafedrasi tomonidan O‘zbekistondagi ERASMUS+ milliy ofisi, Oliy ta’limni rivojlantirish sohasida Milliy ekspertlar guruhi “HERES” va OOO “E-LINE PRESS” hamkorligida tashkil etildi. Maxorat darsi natijasida ishtirokchilar Yevropaning kutubxona kadrlarini intensiv tayyorlashdagi tajribasi, kutubxona kadrlariga qo‘yilgan talablar hamda axborotlashtirish va kutubxonashunoslik sohasiga kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari, o‘quv dasturlari to‘g‘risida maxsus bilimlarga ega bo‘ldilar. Maxorat darsida “Axborot kutubxona tizimlari” kafedrasi mudiri B.Ganiyeva va professori M.Raxmatullayevlar o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etdilar. Maxorat darsi yakunida ishtirokchilar “Academic libraries development to increase information support of HE” sertifikatlari bilan taqdirlandilar.