Toshkent axborot texnologiyalari universitetida 2018 yil 20 iyun kuni magistrlarga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Har o‘quv yilida magistrlarga diplom topshirish marosimi universitetda tantanali ravishda bayramona ruhda o‘tkaziladi. Bu yil ham an’anaga sodiq qolgan holda ushbu marosim tantanali bayramona ruhda tashkil etildi. Tantanali marosimga O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda sohaning yetakchi korxona va tashkilotlari rahbarlari taklif etildilar. Jumladan, O‘zR axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri A.Axmedxadjayev, universitet rektori T.Z.Teshabayevlar tantanada so‘zga chiqib, magistrlarni tabrikladilar.
Kadrlar tayyorlash Milliy dasturiga asosan, Toshkent axborot texnologiyalari universitetida1999-2000 o‘quv yilidan boshlab magistratura bo‘limi ochilgan. O‘tgan yillar davomida universitetda 2389 dan ortiq malakali kadrlar tayyorlanib, magistr darajasiga ega bo‘ldilar.
Magistr – bu keng ilmga ega bo‘lgan, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan hamnafas,ilmiy tadqiqot ishlariga tayyor bo‘lgan mutaxassisdir.Universitetda magistrlarga bilim berish borasida yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash asosiy maqsad qilib olingan.
2018 yilda 10 ta mutaxassislik bo‘yicha 104 nafar magistrlar dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilib, “Magistr” unvoniga ega bo‘lishdi.
Universitetda magistrlarni bilim olishlari va ilmiy faoliyat olib borishlari uchun hamma imkoniyatlar yaratilgan. Bugungi kunda katta fondga ega bo‘lgan axborot resurs markazi, virtual laboratoriya ishlari va ma’ruza matnlari bilan boyitilgan elektron kutubxona magistrlar xizmatida. Bundan tashqari, internet tizimidan keng foydalanish ham yo‘lga qo‘yilgan. Universitet magistrlari xorijiy mamlakatlarning oliy o‘quv yurtlarida ham malakalarini oshirib kelmoqdalar.
Bu yilgi bitiruvchilarning magistrlik dissertatsiyalarini yuqori darajada tayyorlanganligi Davlat attestatsiyasi Komissiyasi tomonidan alohida ta’kidlab o‘tildi. Ayniqsa, 40 ga yaqin magistrlik dissertatsiyalarining chet tillarida himoya qilinganligi e’tiborga sazovordir.
TATU magistraturasi mutaxassislar tayyorlashda respublika hududida joylashgan xorijiy kompaniyalar, firmalar va banklarning filiallari bilan hamkorlik qiladi. Bular qatoriga O‘zbekiston respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda “O‘zbektelekom” AK va boshqa soxaga oid bir qator kompaniya va tashkilotlar kiradi.
TATUning magistr bitiruvchilari kelgusida respublikamiz axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalari sohasini yanada rivojlanishi uchun o‘z ulushlarini qo‘shadilar, deb umid bildiramiz.
Omad yor bo‘lsin Sizlarga, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining 2018 yil bitiruvchi magistrlari!