Joriy yilning 11-dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti vakillari Janubiy Koreyaning Milliy axborot jamiyati agentligi (NIA) tomonidan tashkil etilgan “2020 — Global yetakchilik onlayn forumi” (2020 Global ICT leadership online forum)da ishtirok etdi.
“2020 — Global yetakchilik onlayn forumi”da Birlashgan millatlar tashkiloti, Jahon banki, Janubiy Koreya, Nepal, Kambodja, Turkmaniston, Serbia kabi mamlakatlardan axborot kommunikatsiya texnologiyalari va turdosh vazirliklardan vakillar ishtirok etdilar.
Onlayn forum davomida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Janubiy Koreyaning Milliy axborot jamiyati agentligi (NIA) oʻrtasida anglashinuv memorandumi imzolandi.
Memorandum asosida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Fargʻona filialida “Axborot almashinish markazi”ni tashkil etish, AKT sohasida raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash, axborot va bilimlar almashinish imkoniyatlarini oshirish boʻyicha hamkorlik koʻlamini kengaytirishga kelishib olindi.
TATUning Fargʻona filialida tashkil etiladigan «Axborot almashinish markazi” AKT sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, professor-oʻqituvchilar, ilmiy izlanuvchilar, talabalar va keng jamoatchilikni axborot olishga boʻlgan ehtiyojini qondirish, zamonaviy bilimlarni egallash, sohaga oid turli dasturlarda ishtirok etish imkoniyatini yaratadi.
TATU matbuot xizmati