TATU va KOICA o‘rtasida yangi loyihaga start berildi
Bugun Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) va Muhammad al–Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti biznes IT taʼlim dasturi va innovatsion ekotizimni yaxshilashga qaratilgan yangi loyihasiga start berish maqsadida kelishuv shartnomasini imzoladi.
Uchrashuvda Muhammad al–Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori B.Maxkamov boshchiligidagi delegatsiya, KOICA agentligining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Park Sunjin xonim, KOOKMIN universiteti prorektori Kim Byoung Joon ishtirok etdilar.
Ushbu loyihaning qiymati 5 million AQSh dollarini tashkil etib, 5 yil (2022-2027) davomida amalga oshiriladi. Oʻzbekistonda oliy taʼlim salohiyatini mustahkamlash va raqamli iqtisodiyot uchun yosh isteʼdodlarini tayyorlash hamda ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini yangi bosqichga olib chiqish loyihaning asosiy maqsadi hisoblanadi.
Ushbu maqsadni amalga oshirish uchun Universitetda quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
- TATUda KOOKMIN univеrsitеti bilan hamkorlikda “Global IT-biznеs” ta’lim dasturini ochish hisobiga sohadagi inson kapitalini rivojlantirish;
- Ta’lim va ishlab chiqarish intеgratsiyasi rivojlantirish uchun startaplar va IT yechimlarni jonlantirish maqsadida ishlab chiqarish xududi “Fab Lab”ni tashkil etish;
- Ta’lim va ishlab chiqarish intеgratsiyasini nazarda tutuvchi IT startap ekotizimini yaxshilash;
- Talabalarni “g‘oyadan-bozorgacha” tamoyili asosida prototiplarni ishlab chiqishlarini va o‘z innovatsiyalarini tijoratlashtirishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 700 mеtr kvadrat maydonda ishlab chiqarish xududini tashkil etish.