Respublikamizda mexatronika va robototexnika sohasida kadrlarni yetishtirish uchun zamonaviy o‘quv dasturlari, o‘quv yo‘nalishlari va laboratoriyalarni yaratishga qaratilgan Erasmus+ loyihalari doirasida olib borilayotgan xalqaro MechaUz: Innovatsion g‘oyalar va raqamli texnologiyalar orqali O‘zbekistonda bakalavriat yo‘nalishi uchun mexatronika va robototexnikani modernizatsiya qilish loyihasi oliy ta’lim tizimi rivojiga katta hissa qo‘shib kelmoqda. Joriy yilning 26 – mart sanasida ushbu loyiha doirasida milliy ishtirokchilar ishtirokida Toshkent Davlat Texnika Universitetida navbatdagi kengaytirilgan anjuman bo‘lib o‘tdi.
Loyihada ishtirok etuvchi OTMlar, jumladan Andijon Mashinasozlik Instituti, Toshkentdagi Turin Politexnika Universiteti, Farg‘ona Politexnika Universiteti, Qarshi Iqtisodiyot Muhandislik Instituti va Toshkent Davlat texnika Universiteti vakillari hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot Texnologiyalari Universitetidan professor O‘tkir Hamdamov o‘z hisobotlari bilan chiqish qilishdi.
Yig‘ilish ishtirokchilari Oliy ta’lim vazirligidan va NEO hamjamiyatidan taklif etilgan ekspertlar mulohazalari bilan tanishib o‘zaro firk almashishdi. Anjumanda ishtirokchilar o‘rtasida mexatronika va robototexnika bo‘yicha kadrlarni tayyorlashga qaratilgan o‘quv yo‘nalishlari uchun o‘quv rejalarni optimallashtirish, o‘zaro keng hamkorlikni kuchaytirish va hamkor chet el ta’lim muassasalariga tajriba almashinish uchun delegatsiyalarni yuborish bo‘yicha kelishuvlar amalga oshirildi.