Joriy yilning 29 oktabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining katta majlislar zalida TATU Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Kengashda universitetning 5 ta hududiy filiallari ham onlayn ishtirok etdilar.
Kengash universitetda faoliyat yuritayotgan va yuksak unvon hamda ilmiy darajalarga erishgan professor-o‘qituvchilarga davlat unvonlari hamda ilmiy unvon va daraja diplomlarini topshirish bilan boshlandi.
Xususan, koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha Respublika Markaziy shtabining Ishchi guruhi tarkibida hududlar kesimida monitoring olib borish, tahliliy ishlarni amalga oshirish bo‘yicha TATUning 6 nafar xodimi faoliyat yuritayotgan edi. Ularning mehnatlari Prezidentimiz tomonidan qahramonlik deb baholanib, Hukumatning tegishli qarori “Mehr-saxovat” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan edi. Kengashda ushbu ko‘krak nishonlarini topshirish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
“Mehr-saxovat” ko‘krak nishonlarini TATU rektori S.Babaxodjayev topshirdi.
Bundan tashqari, TATUda o‘zining faoliyati bilan yuksak ilmiy darajalarni qayd etayotgan 4 nafar professor-o‘qituvchilarga DSc, PhD diplomlari, “professor” va “dotsent” ilmiy unvoni guvohnomalari ham egalariga topshirildi.
Kengash davomida chet tillar kafedrasining faoliyati, sirtqi taʼlimda o‘quv jarayonini tashkil etilishi va uslubiy taʼminoti, magistratura bo‘limining faoliyati va magistrlik dissertatsiyalari mavzularini tanlash va tasdiqlash holati hamda o‘quv adabiyotlarini nashrga va nashr ruxsatnomasini olishga tavsiya qilish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
Kengashda barcha professor-o‘qituvchi va xodimlar ham ZOOM platformasi orqali onlayn ishtirok etdilar.
TATU matbuot xizmati