Joriy yilning 12-avgust sanasida 🇯🇵 Yaponiya davlatining yirik kompaniyalari rahbarlari Noritsuisu va Aces Japan kompaniyasi rahbari Aoki Shogo, Japan Architecture Art Academy direktori Sasaki Keiichi, Ixora Administrative Legal Office rahbari Hiyane Taku va Aces Japanning yurtimizdagi vakillaridan iborat delegatsiya rasmiy tashrif bilan 🤩 Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nurafshon filialida bo‘lishdi. Ushbu tashrifning bosh maqsadi taʼlim sohasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
✈️ Tashrif davomida mehmonlar filialning o‘quv va ilmiy faoliyati, innovatsion loyihalari bilan yaqindan tanishib, professor-o‘qituvchilar va talabalar bilan uchrashdilar. Ular filialda yaratilgan sharoitlar, zamonaviy laboratoriyalar va ilmiy-tadqiqot markazlarini yuqori baholab, yosh mutaxassislarni tayyorlashda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Tashrif doirasida Yaponiya vakillari va filialimiz rahbariyati o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilib, kelgusida qo‘shma taʼlim dasturlari, ilmiy tadqiqotlar va talabalar almashinuvi bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, talabalarning yapon tilini o‘rganishlari uchun ko‘maklashish va ularni yuqori daromadli ishga joylashishlarida Yaponiya kompaniyalari tomonidan ko‘maklashish bo‘yicha takliflar bildirildi.
⏺Ushbu tashrif nafaqat filialimiz uchun, balki umumiy taʼlim tizimi uchun ham muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ikki mamlakat o‘rtasidagi taʼlim sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Tashrif yakunida mehmonlar Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nurafshon filialiga o‘z minnatdorchiliklarini bildirib, kelgusida hamkorlikni davom ettirishga umid bildirdilar.