TATUda “Ilm yulduzlari” tanlovi

  • Asosiy
  • TATUda “Ilm yulduzlari” tanlovi

8 iyun kuni Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida O‘zbekiston “Olima” xotin-qizlar uyushmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Ilm yulduzlari” IV respublika intellektual ko‘rik tanlovining universitet bosqichi o‘tkazildi. Ko‘rik-tanlov O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida hamda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustivor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarning amaldagi ijrosini ta’minlashga yo‘naltirilgan mazkur tanlovni o‘tkazishdan asosiy maqsad respublika oliy o‘quv yurtlarida hamda Fanlar Akademiyasi institutlarida samarali mehnat qilayotgan olima ayollar orasidan ilg‘or, tashabbuskor, ijodkor, fidoiy, innovatsion texnologiyalardan unumli foydalanib, samarali natijalarga erishayotgan olimalarni aniqlash va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ishlarini munosib baholash va rag‘batlantirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirishdan iboratdir.

Ko‘rik tanlovda fan doktori ilmiy darajasiga da’vogar, ilmiy doiralarda o‘z salohiyatini namoyon qilgan, ilmiy maqolalar, tezislar va boshqa ishlar chop etgan 25-40 yoshlardagi tadqiqotchi olima ayollar, jumladan, Kompyuter injinering fakultetidan Fotima Alimova, telekommunikatsiya texnologiyalari fakultetidan Aliftina Muradova va Xurshida Abdullayeva, Televizion texnologiyalari fakultetidan Saida Beknazarovalar ishtirok etdilar.

Tanlov 3 ta shart asosida o‘tkazilib, 1-o‘ringa Televizion texnologiyalari fakulteti vakili texnika fanlari doktori Saida Beknazarova loyiq deb topildi va keyingi bosqichda ishtirok etish uchun tavsiya etildi.

Ko‘rik-tanlov ishtirokchilari “Eng mohir ilm sohibi”, “Eng zukko va topqir ishtirokchi”, “Eng mohir milliy qadriyatlar targ‘ibotchisi”, “Eng yaxshi innovatsion g‘oya sohibi”, “Tomoshabinlar e’tiboriga sazovor ishtirokchi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha ham universitet Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.