Bugun, 10-iyuldan boshlab oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar uchun bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumotni olish uchun arizalar qabul qilish boshlandi.
Arizalar 10-avgust kuniga qadar (shu kuni ham) my.edu.uz platformasi orqali onlayn shaklda qabul qilinadi.
📝 Onlayn ariza topshirish uchun talab etiladigan hujjatlar:
▪️Fuqarolik pasporti yoki ID-karta ma’lumotlari;
▪️Bakalavr diplomi va uning ilovasining elektron nusxasi;
▪️O‘qish istagini bildirgan oliy ta’lim tashkiloti hamda ta’lim yo‘nalishi tanlovi.
Xorijiy davlatlar ta’lim tashkilotlarining 1992-yil 1-yanvardan keyin berilgan diplomlari belgilangan tartibda nostrifikatsiyadan o‘tkazilgan bo‘lishi lozim.
❓Qabul parametrlari va kvotalar qanday belgilanadi?
Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim bo‘yicha qabul parametrlari har bir oliy ta’lim tashkilotining ilmiy-pedagogik salohiyati hamda moddiy-texnik bazasi hisobga olingan holda, oliy ta’lim tashkilotining Kengashi tomonidan mustaqil belgilanadi.
ℹ️ Ma’lumot uchun, ikkinchi oliy ta’lim bo‘yicha o‘qitish to‘liq to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.