TATUda Huawei kompaniyasi Markaziy Osiyoda o‘zining birinchi axborot va tarmoq texnologiyalari akademiyasini ishga tushirdi

  • Asosiy
  • TATUda Huawei kompaniyasi Markaziy Osiyoda o‘zining birinchi axborot va tarmoq texnologiyalari akademiyasini ishga tushirdi
Toshkent axborot texnologiyalari universitetida faoliyat yuritadigan loyiha kelgusida O‘zbekistonning IKT va telekommunikatsiyalari sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun negiz vazifasini bajarishi nazarda tutilgan. Loyiha Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib ishga tushariladi va shunisi bilan noyob hisoblanadiki, Toshkent axborot texnologiyalari universitetida axborot va kommunikatsiyalar texnologiyalari sohasida kadrlarni sertifikatsiyalashning ixtisoslashtirilgan markazi tashkil etiladi.

Akademiya IKT sanoati va ushbu yo‘nalishda ishlash va rivojlanishni istagan yoshlar, umidli mutaxasislar o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tashi kerak. Loyiha quyidagi maqsadlarni ko‘zlagan:
a) mamlakatning eng yaxshi oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik qilish;
b) IKT sohasida iqtidorli mutaxassislarni hamkorlikda rivojlantirish;
v) IKT sanoatini ilgari surish;
g) iqtidorli va iste‘dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash.

Shu munosabat bilan, Huawei kompaniyasi tomonidan 20 nafar tinglovchini o‘z bag‘riga sig‘dira oladigan o‘qitishning o‘ta yangi texnologiyalari bilan jihozlangan maxsus Smart-laboratoriya barpo etildi. Barcha serverlar va noyob dasturiy ta’minot Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bilan shu yil 17 mayda imzolangan memorandum doirasida taqdim etildi.