8 aprel kuni Hindiston Respublikasining O‘zbekistondagi muxtor elchisi janob Vinod Kumar va Hindiston elchixonasi birinchi kotibi janob Shri D.K.Sharma Toshkent axborot texnologiyalari universiteti qoshidagi J.Neru nomidagi O‘zbek-Hind axborot texnologiyalari markaziga tashrif buyurdi.
Mehmonlarni universitet rektori U.R.Xamdamov, o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektor X.M.Bobomuradov, Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i A.Radjiev, O‘zbek-Hind AT markazi direktori o‘rinbosari D.Zakirov hamda O‘zbek-Hind AT markazi o‘qituvchilari koordinatori Sh.Maxmudovlar kutib olishdi.
Mehmonlar markaz faoliyati va kelgusi rejalari haqida tanishtirildi. Universitet rektori U.Xamdamov bugungi kunda universitet hayotida J.Neru nomidagi O‘zbek-Hind axborot texnologiyalari markazi faoliyatining roli hamda kelgusida mazkur markaz faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha Hindistondagi hamkor tashkilot CDAC - "Ilg‘or axborot texnologiyalari o‘quv markazi” bilan hamkorlikni davom ettirish, jumladan, malakali o‘qituvchilarni taklif qilish, universitet o‘qituvchilarining malakasini oshirish masalalari yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
O‘z navbatida Hindiston Respublikasining O‘zbekistondagi muxtor elchisi janob Vinod Kumar tomonidan mazkur masalalar yuzasidan Hindistonning CDAC - "Ilg‘or axborot texnologiyalari o‘quv markazi”ga ushbu takliflarni yetkazishi, markaz faoliyatida bugungi kunga qadar erishilgan yutuqlardan juda xursandligi xaqida gapirib o‘tdi, shuningdek, markaz o‘qituvchilari va xodimlari tomonidan kelgusida rejalashtirilgan faoliyat yuzasidan bir nechta savollar berib o‘tdi.
Tashrif oxirida 2015 yil oktyabr – 2016 yil mart oylarida "Web programming”, "Java”, "Data communication & Networking” o‘quv kurslarini tamomlagan 40 nafar talabalarga J.Neru nomidagi O‘zbek-Hind axborot texnologiyalari markazining sertifikatlarini topshirish marosimi bo‘ldi.