Xalqimiz azaldan bayramlarni, qutlugʼ kunlarni oʼzgacha tayyorgarlik bilan qarshilaydi. Avvalo, koʼcha va guzarlarni, hovlilarni tartibga keltirib, tozalik va orastalikni bosh masala qilib qoʼyadi. Kun sayin yaqinlashayotgan ulugʼ ayyom – Mustaqilligimizning 28 – yilligi arafasida xalqimizning ana shu ezgu anʼanasi umumxalq hashari koʼrinishida butun Respublikamiz boʼylab uyushqoqlik bilan oʼtkazilmoqda. Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 10- avgustdagi farmoyishiga binoan joriy yilning avgust oyi mamalakatimizda obodonlashtirish va tozalik oyligi hamda 17-18 avgust umumxalq xayriya hashari kunlari, deb eʼlon qilindi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida ham 17-avgust kuni umumxalq xayriya hashari boʼlib oʼtdi. Hasharga universitetda faoliyat yuritadigan 300dan ortiq xodimlar jalb etildi. Universitetning barcha hududlari obodonlashtirildi. Hashar davomida universitetning atrof-muhiti yanada obodonlashtirildi. Daraxtlar osti yumshatildi. Kompyuter xonalari, labaratoriyalar, oʼquv xonalari tozalandi. Har bir fakultet, boʼlimlar oʼzlariga berkitilgan hududlarni ozoda boʼlishida oʼzlarining beminnat hissasini qoʼshdilar.
TАTU matbuot xizmati