Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston-Turkiya Oliy ta’lim forumi doirasida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Turkiyaning yetakchi EGE universiteti o‘rtasida xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, jumladan, ilmiy tadqiqot sohasida hamkorlik, birgalikda startap va innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun Ilmiy Markaz (Research center) tashkil etishni nazarda tutuvchi hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Turkiya va O‘zbekiston OTMlari ishtirokida yuqori saviyada o‘tkazilayotgan mazkur Oliy Ta’lim Forumi mustahkam tarixiy rishtalarga ega ikki qardosh mamlakat oliy ta’lim muassasalari, ilmiy xodimlari va xalqlari uchun nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumot uchun: EGE universiteti - 1955 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda mintaqadagi yetakchi ilmiy tadqiqot universitetlaridan biri hisoblanadi. EGE universitetida 70 000 dan ortiq talaba tahsil oladi va akademik xodimlar soni 3 000 nafar. EGE universiteti ko‘plab xorijiy OTMlar bilan 100 dan ortiq akademik hamkorlik memorandumlariga ega.