Fransiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi TATUga tashrif buyurdi

  • Asosiy
  • Fransiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi TATUga tashrif buyurdi



Mamlakatimiz rahbari, hurmatli Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan Oʻzbekiston–Fransiya oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarining izchil rivojlanayotgani fonida Fransiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi janob Walid Fuoque Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida Fransiya oliy ta’lim muassasalari hamda TATU o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar va talabalar almashinuvi yo‘nalishlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Fransiyaning grant loyihalari doirasida universitetlararo ilmiy dasturlarni amalga oshirish, strategik ta’lim va tadqiqot yo‘nalishlari — sun’iy intellekt, raqamli transformatsiya kabi sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Tomonlar oliy ta’lim va yuqori texnologiyalar sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, qo‘shma laboratoriyalar va ilmiy markazlar tashkil etish yuzasidan ham o‘zaro fikr almashdilar.

Uchrashuvdan so‘ng mehmonlar Universitetning Sun’iy intellekt, VR/AR laboratoriyalari hamda "Robotics Club" faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Talabalar tomonidan amalga oshirilayotgan innovatsion ishlanmalar va amaliy loyihalar namoyish etildi.

Mazkur tashrif Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va konstruktiv muloqotga asoslangan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, TATUni xalqaro taʼlim va ilmiy maydonda faol integratsiya qilish yoʻlidagi muhim qadamlardan biri sifatida eʼtirof etiladi.