ERASMUS+ dasturi DEBSEUz loyihasining uchinchi onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

  • Asosiy
  • ERASMUS+ dasturi DEBSEUz loyihasining uchinchi onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Barchamizga ma’lumki, O‘zbekiston quyosh energetikasi sari ildam qadamlar bilan bormoqda. Olib borilayotgan islohotlarning natijasi o‘laroq Respublika energetika quvvatida quyosh energetikasining ulushi ortib bormoqda. Shu o‘rinda 3-iyul 2024 yilda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti boshchiligida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, shuningdek respublikamizning 7 ta va Yevropa Ittifoqining 3 ta – Italiyaning Politecnico di Torino universiteti, Portugaliyaning Universidade de Evora universiteti, Ispaniyaning Universidad Politecnica de Madrid universitetlari hamkorligidagi ERASMUS+ Higher Education Capacity Building loyihalari doirasida “Development of the targeted Educational program for Bachelors in Solar Energy in Uzbekistan (DEBSEUz)” xalqaro loyihasining navbatdagi onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda bugungi kunga qadar belgilangan masalalarning bajarilishi muhokamasi bilan bir qatorida Birinchi trening natijalarini muhokama qilish, moliyaviy oqimlar va byudjetni boshqarish, bakalavr yo‘nalishi uchun kurslarni ishlab chiqish, innovatsion laboratoriyalar tashkil etish va uskunalar sotib olish, sifat nazorati va monitoringi strategiyasi muhokamasi hamda loyihaning birinchi milliy konferensiyasi masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Loyiha doirasida uchta universitetlar, jumladan Jizzax politexnika Instituti, Farg‘ona Politexnika Instituti hamda Qoraqalpoq Davlat Universitetlari negizida yangi bakalavr yo‘nalishlarining tashkil etilishi belgilangan. Shu nuqtai nazardan yangi yo‘nalishlaning ochilishi hamkorlar o‘rtasida qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi va 2025-2026 o‘quv yillarida ushbu jarayonning yakunlanishi belgilab qo‘yildi.

Uchrashuv so‘ngida 2024 yilning 27-28 sentabr kunlarida Quyosh energetikasiga bag‘ishlangan loyihaning ilk konferensiyasi tashkil etilishi e’lon qilindi. Ushbu konferensiyaning qizg‘in o‘tishi hamda keng ommada taqdim etilishi maqsadida hamkor universitetlar tomonidan targ‘ibot va tashviqot ishlarining olib borilishi to‘g‘risida kelishib olindi. Umuman olganda uchrashuv yuqori kayfiyatda, do‘stona ruhda o‘tdi va loyihaning keyingi ishlarining izchil olib borilishiga turtki bo‘ladi.