EHTIROM VA E’ZOZ

2 fevral kuni Toshkent axborot texnologiyalari universitetida O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimovning mamlakatimiz kelajagi yo‘lida amalga oshirgan ishlari, serqirra siyosiy faoliyatiga bag‘ishlangan xotira tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda mustaqilligimiz me’mori, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimovning Vatanimiz ravnaqi, yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi yo‘lidagi buyuk xizmatlari, sermazmun hayoti va faoliyatining yosh avlod tarbiyasida tutgan o‘rni va ahamiyati xususida so‘z yuritildi.
Istiqlolimiz asoschisi Islom Karimov xalqimiz qalbida, Vatanimiz tarixida o‘chmas iz qoldirdi, - deydi universitet o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektor F.Agzamov. – U kishi nafaqat O‘zbekiston, balki jahon miqyosida katta hurmat va obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgan ulkan shaxsdir. Islom Karimovning mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va adolatli fukarolik jamiyati barpo etish, butun dunyoga mashhur taraqqiyotning “o‘zbek modeli”, ayniqsa, qonun ustuvorligi va kuchli ijtimoiy siyosat tamoyili borasidagi oqilona siyosati yuksak samaralar berdi.
Tadbirda ma’ruza qilgan Gumanitar fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi B.Boboyorov ma’ruzasida Islom Karimovning serqirra faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari bilan Vatanimiz tarixida o‘chmas iz qoldirgani, nafaqat O‘zbekiston, balki jahon miqyosida katta hurmat va obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgan ulkan shaxs, davlat va siyosat arbobi sifatida tanilgani ta’kidlandi.
Tadbirda Islom Karimovning hayot yo‘li va faoliyatini aks ettirgan xujjatli film namoyish etildi.