“Pochta aloqasi texnologiyasi” kafedrasida soha korxonalari bilan aloqalar yanada mustahkamlanmoqda

Ma’lumki, bugungi kunda ta’limni ishlab chiqarish bilan bog‘liq holda olib borish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining “Pochta aloqasi texnologiyasi” kafedrasi professor-o‘qituvchilari zamon talabidan kelib chiqib, ta’lim jarayonini ishlab chiqarish bilan uyg‘unligini ta’minlash maqsadida amaliy harakatlarni boshlab yuborishgan.

Jumladan, 19 aprel kuni “O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyatida, “Pochta aloqasi xizmatlarini tashkil etish” bo‘limi bosh mutaxassisi S.M.Nezamov hamda “Pochta aloqasi texnologiyasi” kafedrasi katta o‘qituvchisi L.N.Jo‘rayev, assistentlar G‘.R.Mamatqulov, R.Xudoyberdiyevlar ishtirokida “Pochta aloqasi texnologiyasi” yo‘nalishining 130-131-132-14 PAT guruhi talabalari bilan “Pochta aloqasi xizmatlarini taqdim etish qoidalari va ularning sifatini oshirish yo‘llari” mavzuida davra suhbati o‘tkazilgan. Davra suhbati davomida talabalarga “O‘zbekiston pochtasi” AJning “2017-2020-yillarda pochta tarmog‘ini zamonaviylashtirish, AKT asosidagi xizmat turlarini joriy etish va rivojlantirish” Dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlari yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berilgan edi.

17 aprel kuni esa “Pochta aloqasi texnologiyasi” kafedrasi assistenti G‘.R.Mamatqulov tashabbusi bilan “Pochta aloqasi texnologiyasi” ta’lim yo‘nalishi 3-bosqich talabalari uchun “UNICON.UZ” DUK “Elektron raqamli imzo kalitlarini ro‘yxatga olish markazi” yetakchi mutaxassisi D.A.Radjabov ishtirokida “Elektron raqamli imzo kalitlaridan foydalanish tartibi” mavzuida o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi. O‘quv mashg‘ulotda xujjatlarni elektron ko‘rinishda topshirish va qabul qilish jarayonlari yuzasidan talabalarga atroflicha nazariy va amaliy ma’lumotlar berildi.

Bu kabi hamkorlikdagi davra suhbati va seminarlarni tashkil etilishi talabalarni bevosita amaliyot bilan bog‘lash va malakali mutaxassis etib tayyorlashda qo‘l keladi.