TATUda “Chet tilini o‘rganish uchun yaratilgan ilova va ishlanmalar tanlovi” va “O‘zbekistonning intellektual avlodi” nomli ilmiy amaliy konferensiyasi nihoyasiga yetdi

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Chet tillar kafedrasi tomonidan 19-20 aprel kunlari TATU va uning xududiy filiallari (Farg‘ona, Qarshi, Samarqand, Urgench, Nukus) talabalari o‘rtasida “Chet tilini o‘rganish uchun yaratilgan ilova va ishlanmalar tanlovi” va “O‘zbekistonning intellektual avlodi” nomli ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Konferensiya va tanlovning asosiy maqsadi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallari talabalari orasidan o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha olgan bilimlarini nazariy va amaliy tomonlarini namoyon qilgan va o‘z fikrlarini ingliz tilida ravon bayon eta olgan iqtidorli, qobiliyatli va iste’dodli talabalarni aniqlash, ulardagi ijodiy qobiliyatlarni ro‘yobga chiqishiga ko‘maklashish va qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.

Tadbirda talabalar o‘zlarining maqola va ishlanmalari bilan qatnashish jarayonida nafaqat mavzu yuzasidan bilimlarini, balki, tilni qay darajada mukammal egallaganliklarini ham namoyon qildilar.

Ushbu tanlov va konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-1875-sonli hamda 2017 yil 15 martdagi “Toshkent axborot texnologiyalari universitetining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2834-son qarorida belgilangan vazifalarni bajarilishi yuzasidan tashkil etilgan bo‘lib, 40 dan ortiq yosh iqtidorli talabalar aniqlandi.

Tadbir oxirida barcha g‘olib va faol qatnashgan talabalar esdalik sovg‘alari va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandilar.