O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining matni va musiqasi O‘zbekiston Respublikasining 1992 yil 10 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida»gi Qonun bilan tasdiqlangan.
Ushbu Qonunning 2-moddasida «O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasiga zo‘r ehtirom bilan qarash O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining vatanparvarlik burchidir», deb belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi mustaqillikka eʼtiqodni targ‘ib qiladi. Uning matni fuqarolarimizni mustaqil davlat qurish yo‘lida matonat va jasoratga, sabr-toqat va fidokorlikka, kurashga chaqiradi, milliy g‘ururni uyg‘otadi.
Madhiyamiz bayramlar, siyosiy chiqishlar, sport anjumanlari, rasmiy davlat qabullari, yuqori ahamiyatli tadbirlar, turli davlat boshliqlarini kutib olish va kuzatish marosimlari hamda qonun bilan belgilangan boshqa hollarda ijro etilib, davlat suverenitetiga eʼtiqod va hurmatni rasmiy musiqa hamda matn bilan ifoda etadi.
Davlat madhiyasi O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov tomonidan yozilgan. Unga O‘zbekiston xalq artisti, bastakor Mutal Burhonov musiqa bastalagan.
Serquyosh hur o‘lkam, elga baxt, najot,
Sen o‘zing do‘stlarga yo‘ldosh, mehribon!
Yashnagay to abad ilmu fan, ijod,
Shuhrating porlasin toki bor jahon!
Oltin bu vodiylar - jon O‘zbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!
Bag‘ri keng O‘zbekning O‘chmas iymoni,
Erkin, yosh avlodlar senga zo‘r qanot!
Istiqlol mashʼali tinchlik posboni,
Haqsevar, ona yurt, mangu bo‘l obod!
Oltin bu vodiylar – jon O‘zbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!