13 sentyabr kuni Belorussiya davlat informatika va radioelektronika universiteti (BDIRU) rektori Vadim Anatolyevich Bogush boshchiligidagi delegatsiya Muhammad al-Xorazmiynomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida axborot texnologiyalari sohasida hamkorlikda yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalasi muhokama etilib, hamkorlikda Axborot texnologiyalari boʻyicha qoʻshma fakultet tashkil etish yuzasidan shartnoma imzolandi.
Ushbu shartnomaga asosan, 2019-2020-oʻquv yilidan boshlab, Axborot texnologiyalari boʻyicha qoʻshma fakultetga quyidagi yunalishlar boʻyicha abituriyentlar qabul qilinadi:
- Axborot texnologiyalarining dasturiy taʼminoti;
- Mobil tizimlarini dasturlash;
- Sunʼiy intellekt.
Hamkorlikda ochilgan ushbu Axborot texnologiyalari boʻyicha qoʻshma fakultetda taʼlim olish 2 bosqichda tashkil etilishi koʻzda tutilgan boʻlib, talaba 1-2-bosqichlarda TATUda tahsil olsa, 3-4-bosqichlarni BDIRUda davom ettiradi. Fakultetni muvaffaqiyatli yakunlagan talaba ikki tomonlama diplom (TATU- BDIRU)ni qoʻlga kiritadi.
Axborot texnologiyalari boʻyicha qoʻshma fakultetda taʼlim rus tilida tashkil etiladi. Shu sababli, 2018 yilning noyabr oyidan TATUda rus tili, matematika, fizika, informatika asoslari va ingliz tili fanlaridan tayyorlov kurslari tashkil etilishi koʻzda tutilgan.
Ushbu Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda Belorussiya davlat informatika va radioelektronika universitetlari oʻrtasida oʻrnatilgan hamkorlik shartnomasi belorus va oʻzbek xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik aloqalarini yanada mustahkamlaydi.