![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
Toshkent shahrida bitiruvchilar bandligini ta’minlash va ularning mehnat bozoriga muvaffaqiyatli integratsiyalashuvini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yirik mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
2026-yil 31-iyul kuni Toshkent shahar hokimligi, Toshkent shahar kasbiy ta’lim boshqarmasi, Prezident huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Toshkent shahar Bosh boshqarmasi, Toshkent shahar kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi, Soliq boshqarmasi, Ichki ishlar bosh boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi hamda boshqa qator hamkor tashkilotlar hamkorligida mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Yarmarkada davlat va nodavlat sektoridagi mahalliy hamda xorijiy korxonalar, tijorat banklari, IT kompaniyalari, ishlab chiqarish, telekommunikatsiya, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalardagi ish beruvchilar o‘zlarining bo‘sh ish o‘rinlarini taqdim etdilar. Bitiruvchilar esa ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilib, o‘z bilim va ko‘nikmalariga mos ish o‘rinlari yuzasidan ma’lumot oldilar.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bitiruvchilari ham tadbirda faol ishtirok etib, nufuzli korxona va tashkilotlar vakillari bilan suhbatlar o‘tkazdilar hamda o‘z rezyumelarini taqdim etdilar.
Yarmarka davomida universitetning ko‘plab bitiruvchilari o‘z mutaxassisligi va kasbiy qiziqishlariga mos ish o‘rinlari bo‘yicha suhbatlardan muvaffaqiyatli o‘tib, ishga qabul qilishning keyingi bosqichlariga tavsiya etildilar.
Bunday mehnat yarmarkalari yosh mutaxassislarning mehnat bozoriga tezkor integratsiyalashuvi, ularning bandligini oshirish hamda oliy ta’lim muassasalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.







