Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Urganch filialida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov, TATU rektori Toʼlqin Teshabayev va soha korxona hamda tashkilotlari rahbarlar bilan qiziqarli uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Vazir TATU Urganch filiali talabalari bilan dildan suhbat qurdi. Avvaliga qimtinib turgan yoshlar suhbat davomida ochila boshlashdi. O‘zlarini qiziqtirgan masalalarni dadil aytishib, jo‘yali javob olishdi. Yoshlarning startap loyihasi, magisturada o‘qish, korxonalarda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash, turarjoy bilan bog‘liq savollariga mutassaddilar javob berishdi. AKT vaziri yoshlarning ayrim muammolarini shu yerning o‘zida hal qilib berdi.
Uchrashuvning eng qiziqarli pallasi muloqot yakunida ro‘y berdi. Vazir filial talabalari - Sevara Polvonova, Melixol Umurzoqova, Shahnoza Qalandarova, Mansur Karimov, Ma’mur Bobojonovlarga vazirlik sovg‘asini topshirdi. Dilnoza Artikovaga esa vazirlik stipendiyasiga sazovor bo‘lganligi haqidagi sertifikat taqdim etildi. TATU rektori To‘lqin Teshabayev ham qarab o‘tirmadi, u ham filialning yetti nafar talabasiga faxriy yorliq, sertifikat va esdalik sovg‘alarini tuhfa qildi.
Uchrashuv yakunida yoshlarning taassurotlari o‘zgacha edi, ular vazir bilan jonli muloqot qilganliklaridan, o‘zlarining fikrlari va g‘oyalarini soha rahbariyati oldida bayon qila olishganidan mamnun edilar.