Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti delegatsiyasi AQShning AMC Bridge kompaniyasi bilan hamkorlik shartnomasini imzoladi
Joriy yilning 7-noyabr kuni TATU hamda AMC Bridge kompaniyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur kompaniya AQShning texnologik markazlaridan biri - Boston shahrida joylashgan bo‘lib, muhandislar uchun dasturiy ta’minotlar hamda texnologik jarayonlarni avtomatlashtirishda injiniring yechimlarni qo‘llab-quvvatlovchi dasturlarni ishlab chiqadi. Kompaniya dunyoning 10 dan ortiq davlatlarda o‘zining filiallari va ofislariga ega, shu bilan birga, ushbu kompaniya oldida turgan eng asosiy masalalardan biri bu O‘zbekiston orqali Markaziy osiyo bozorlariga kirish hisoblanadi.
Dastlab tomonlar har ikki tashkilot va ularning faoliyatlari to‘g‘risida taqdimotlar qildilar. Tadqimotlar tomonlarni qiziqtirgan savol javoblar hamda muhokamalar tarzida davom etdi.
Taqdimotlardan so‘ng hamkorlik aloqalarini o‘rnatish yuzasidan hamkorlik shartnomasi imzolandi. Unga ko‘ra TATU talabalari va tadqiqotchilari turli loyihalar asosida AMC Bridge kompaniyasi portfoliosidagi dasturiy mahsulotlar va yechimlarni takomillashtirish, yangilarini ishlab chiqish va tijoratlashtirish kabi faoliyatlarga jalb etilishlari, birgalikda kadrlar tayyorlash, professor-o‘qituvchilar va talabalarning stajirovkalarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga tomonlar 2023-yilning fevral oyida TATUda navbatdagi uchrashuvni o‘tkazish, uning doirasida talabalar uchun master klasslar, mentorlik darslari va meetuplar tashkil etishga kelishib oldilar.