Muhammad-al Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 26 sentyabrdagi “Oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun nomzodlarni maqsadli tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ-3290-sonli qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan universitet qoshidagi akademik litseyni rivojlantirish, moddiy qo‘llab quvvatlash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2018 yil 9 yanvar kuni o‘tkazilganaxborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligiga bag‘ishlangan yig‘ilishda universitetni yanada rivojlantirish yuzasidan belgilab berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash yo‘nalishida xam bugungi kunda bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning yanvar oyida universitet akademik litseyida ta’lim-tarbiya jarayonlarining samaradorligini yaxshilash, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish maqsadida akademik litseyga TATU tomonidan 25 dona yangi kompyuter, 2 dona videoproyektor va majlislar zali uchun kerakli anjomlar ajratildi, universitetning axborot resurs markazi bilan akademik litseyning axborot resurs markazi bog‘landi va litsey o‘quvchilarining universitet axborot resurslaridan foydalanishlariga imkoniyat yaratib berildi.
Shuningdek, 2017 yil 9-10 dekabr kunlari Qozog‘istonning Olmaota shahrida Rossiya Federatsiyasining barcha mintaqalari, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Belorus Respublikalari hamda Boltiqbo‘yi mamlakatlarining 350 ga yaqin eng sara jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan “Informatika va dasturlash” bo‘yicha Butun Rossiya jamoaviy olimpiadasida muvaffaqiyatli ishtirok etib, umumiy hisobda ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan litseyning iqtidorli o‘quvchilari moddiy-quvvatlash maqsadida Temurbek Xo‘jayev, Ulug‘bek Abdimanabov va Sardorbek Sobirovlarga universitet tomonidan 10 400 000 so‘m mablag‘ ajratildi.
TATU rektorining 2019 yil 19 oktyabrdagi 1499-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan akademik litseylarni rivojlantirish chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, 2018 yil 17 fevral kuni TATUning “Akademik litseylar va kasb-xunar kollejlari ishlari” bo‘limi, “AKT sohasida iqtisodiyot va menejment”fakultetining yoshlar ittifoqi kengashi faollari, “Telekommunikatsiya texnologiyalari” fakultetining “Telekommunikatsiya injiniringi”, “Mobil aloqa texnologiyalari” va “Kompyuter injiniring fakulteti”ning “Informatika asoslari” kafedralari xamkorligida oliy va o‘rta maxsus ta’lim o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash, ularning o‘quv-ilmiy laboratoriyalarga tashrifini tashkil qilish maqsadida, akademik litseyi o‘quvchilari uchun “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi. Tadbirda akademik litseyning 103 nafar birinchi bosqich o‘quvchilari, murabbiylari, litsey rahbariyati vakillari ishtirok etishdi.
Tashkil etilgan tadbir doirasida litsey o‘quvchilariga universitet kafedralarida mavjud NGN o‘quv laboratoriyasi, Robototexnika o‘quv laboratoriyasi, UZmobile laboratoriyasi, USEEL laboratoriyasi, Koreya o‘quv markazlari to‘g‘risida ma’lumot berildi va ularga ushbu laboratoriya xonalarida universitetning yetakchi mutaxassislari tomonidan o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.