TATU rektorining abituriyentlarga murojaati!

  • Asosiy
  • TATU rektorining abituriyentlarga murojaati!

Hurmatli Abituriyent!

Avvalo, Sizga mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalari orasidan bizning Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetini tanlaganingiz uchun oʻz minnatdorchiligimni bildiraman.

Bizning jamoa oʻz oldiga zamonaviy bilimlarni egallab, sohaning yetuk mutaxassisi boʻlishni hamda jonajon Vatanimiz ravnaqiga hissa qoʻshishni niyat qilgan intiluvchan yoshlarga oʻz maqsadlariga yetishishida ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi va bor imkoniyatlarini safarbar etadi.

  2020-2021 oʻquv yilida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti kunduzgi va sirtqi taʼlim shakllari boʻyicha 14 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarida 1675 talabani  qabul qiladi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yoshlarning oliy taʼlim olishlari uchun yaratilayotgan sharoitlar yildan-yilga kengayib, inson kapitaliga davlat tomonidan juda katta investitsiya kiritilmoqda. Bunday gʻamxoʻrlik natijasida talabalikka qabul qilingan yoshlar soni oxirgi uch yilda uch barobarga ortdi. Joriy yilda abituriyentlarning hujjatlarini roʻyxatdan oʻtkazish toʻliq masofadan amalga oshirildi. Bizning Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga kirish uchun  24067 nafar abituriyent hujjatlarini roʻyxatdan oʻtkazdilar.

Bugungi kunda butun jahonda kechayotgan pandemiya sababli mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlari muddatlari kechiktirildi. Bu avvalo, Siz - yoshlarning salomatligingizni oʻylab, oʻz bilimingizni namoyon qilish uchun qulay va xavfsiz shart-sharoit yaratish maqsadida qilindi.

Muhtaram Prezidentimizning tashabbusi bilan kirish imtihonlari shaharlar va viloyatlardagi markaziy stadionlarda, yaʼni ochiq maydonlarda karantin talablariga qatʼiy rioya etgan holda 2020-yil sentyabr oyining 2-sanasidan boshlab oʻtkazilishi rejalashtirildi.

Siz pasportingiz va DTM ruxsatnomangiz bilan ruxsatnomada koʻrsatilgan manzilga belgilangan vaqtda yetib kelishingiz zarur. Eslatib oʻtamiz, DTM ruxsatnomalarini joriy yilning 22-avgustidan boshlab DTM sayti (www.dtm.uz) dagi shaxsiy kabinetingiz orqali olishingiz mumkin!

Muhtaram Abituriyent!

Imtihon kuni belgilangan manzilga karantin qoidalariga rioya qilib, xavfsizligingizni taʼminlab, yaxshi kayfiyatda va oʻz vaqtida yetib kelishingizni soʻraymiz.

Aziz ota-onalar va yaqinlaringizdan imtihon kunlari uyda qolib, imtihon jarayonlarini onlayn kuzatib borishlarini soʻraymiz.

Kirish imtihonlarining oʻtish muddati, jadvali va natijalari hamda oʻzingizni qiziqtirgan barcha savollarga javoblarni www.dtm.uz saytidan olishingiz, shuningdek 71 238-64-97, 71 238-64-85, 71 238-64-34, 71 238-65-17, 71 238-65-64 raqamli telefonlarga murojaat etishingiz mumkin.

Unutmang, faqat puxta tayyorgarlik va kuchli bilim bilangina talaba boʻlish baxtiga muyassar boʻlishingiz mumkin. Shunday ekan, bir daqiqa ham bilim olish va oʻz ustingizda ishlashdan toʻxtatmang. Sizga ushbu sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtib olishingizda ulkan zafarlar tilaymiz.

Omad yor boʻlsin!

Hurmat bilan,

 

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori   

                                                                   T.Teshabayev

 

Murojaatnomani PDF shaklda yuklab olish.