
Bugun, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida “Dolzarb 90 kun” loyihasi va “Yoshlar bandligi oyligi” doirasida, talabalarning mustaqil hayotga qadam qo‘yishlari, o‘z iqtidori va salohiyatini to‘liq namoyon etishlari uchun sharoitlarni kengaytirish, ularning bandligiga ko‘maklashish, talabalarni kelajakda kasbiy faoliyatiga qiziqishlarini kuchaytirish va potensial ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish maqsadida "Karyera kuni" bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu yarmarkada, yurtimizda faoliyat olib borayotgan 30 dan ortiq nufuzli kompaniya va tashkilotlar o‘zlarining bo‘sh ish o‘rinlari va stajirovka dasturlari bilan ishtirok etishdi.
Tadbirda 1000 dan ortiq talabalar qatnashib, o‘zlarini qiziqtirgan kompaniyalar faoliyati hamda ular taklif qilayotgan ish o‘rinlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot oldilar. Shuningdek, 80 dan ortiq talabalar mehnat yarmarkasi davomida kompaniya vakillari bilan intervyu o‘tkazib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishga qabul qilinish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Bundan tashqari, “Karyera kuni” doirasida talabalar uchun rezyume tayyorlash, frilans va masofaviy mehnat imkoniyatlariga bagʻishlangan o‘quv seminarlar tashkil etilib, ishtirokchilarga amaliy ko‘nikmalar berildi.