“17 – NOYABR – BUTUNJAHON TALABALAR KUNI” MUNOSABATI BILAN TATU REKTORINING TABRIGI

  • Asosiy
  • “17 – NOYABR – BUTUNJAHON TALABALAR KUNI” MUNOSABATI BILAN TATU REKTORINING TABRIGI

Qadrli talabalar!

Avvalo, siz azizlarni, sizlarning timsolingizda yurtimiz kelajagi boʻlmish barcha tengdoshlaringizni – Butunjahon talabalar kuni munosabati bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Talabalik inson hayotida erishini kerak boʻlgan muhim pogʻonalardan biridir. Bu davrda inson mustaqil hayotga qadam tashlaydi. Oʻz fikri, oʻz zakovati bilan ulkan marralarni zabt etishga yetarlicha kuchi va gʻayrati bor davr. Koʻrinishidan uzoq, ammo bir onda oʻtib ketadigan bu davrda talabalarimiz tinimsiz oʻqishlari, izlanishlari, oʻz ustilarida muttasil ishlashlari kerak. Chunki siz kabi yosh, zamonaviy bilimlarni mukammal egallagan, kreativ yoshlarimiz, kelgusida jonajon Oʻzbekistonimizga nafi tegadigan kadr boʻlib yetishib chiqadi. Albatta, sizning rivojlanishingiz, sizning mukammal bilimlar egallashingiz vatanimiz ravnaqining kafolati demakdir.

Shu oʻrinda universitetimiz talabalari erishayotgan yutuqlar haqida ham toʻxtalib oʻtishni joiz deb bildim. Xususan, Oʻzbekiston oliy oʻquv yurtlari talabalari oʻrtasida “mGovAward” davlat xizmatlari mobil ilovalarini yaratish boʻyicha tanlovda  TATU talabalari faxrli birinchi va uchinchi oʻrinni egallashdi! Bu juda ham quvonarli hol, albatta! Talabalarimizning bunday yutuqlarini sanasak koʻp.

Aziz talabalar!

Bugungi axborot texnologiyalari shiddat bilan rivojlanayotgan bir davrda aynan sizning mutaxassisligingizga boʻlgan talab oshib borayotganini yana bir bor taʼkidlab oʻtmoqchiman.

Shunday ekan, aziz talabalar, bugungi mehnat bozoriga raqobatbardosh kadr boʻlib yetishishingizda, zamonaviy bilimlarni egallashingizda, yurtimiz ravnaqi va rivojiga hissa qoʻshishda eng ilgʻor texnologiyalarni, dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqishishingizda sizlarga ulkan kuch-gʻayrat tilab qolaman!

Yana bir bor bayramingiz muborak boʻlsin, aziz talabalar!