
14-fevral — buyuk mutafakkir, davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun
Turkiy adabiyotining eng mashhur vakillaridan biri, o‘zining ijobiy faoliyati va kuchli siyosati bilan dunyo tarixida o‘chmas nom qoldirgan buyuk shoh va shoir Zahriddin Muhammad Bobur adabiyotshunos, tarixshunos olim va shoir sifatida xalqimiz ma’naviy madaniyati tarixida munosib o‘rin egallagan.
👑 Bobur o‘z harbiy iste’dodi va siyosiy zukkoligi bilan 1526-yilda Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos soldi. Uning boshqaruvi natijasida Hindiston tarixida yangi davr boshlandi – markazlashgan davlat barpo etildi, madaniyat va ilm-fan rivoj topdi.
🖌 Boburning "Boburnoma" asari o‘z davrining noyob tarixiy hujjati bo‘lib, unda XVI asrning siyosiy va ijtimoiy hayoti batafsil tasvirlangan. Shuningdek, uning g‘azallari va ruboiylari o‘zbek adabiyotining durdonalaridan sanaladi. Bobur fors va turkiy tillarda ijod qilgan, adabiy merosida tabiat, vatan va hayotning turfa qirralari aks etgan.
"Boburnoma" faqatgina tarixiy bitik emas, balki tabiatshunoslik va geografiya bo‘yicha ham muhim manba hisoblanadi. Unda Markaziy Osiyo va Hindistonning o‘simlik va hayvonot dunyosi haqida qimmatli ma’lumotlar berilgan.
🗒Bugungi kunda Bobur nafaqat tarixiy shaxs, balki milliy g‘urur timsoli sifatida e’tirof etiladi. Uning ijodi va ilmiy ishlari nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun dunyo madaniy merosining ajralmas qismi hisoblanadi.