Nomli davlat stipendiyalari

  • Asosiy
  • Nomli davlat stipendiyalari

Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 13 oktyabrdagi 226-son qaroriga 3-ilova
Nomli davlat stipendiyalari va ularni tayinlash tartibi to‘g‘risida nizom

Nomli davlat stipendiyalari va ularni tayinlash tartibi to‘g‘risida
NIZOM

1. Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug‘bek va Imom al-Buxoriy nomidagi davlat stipendiyalari O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bo‘yicha o‘qiyotgan oxirgi ikki kurs talabalariga tayinlanadi.

2. Kelgusi o‘quv yili uchun davlat stipendiyalari soni joriy o‘quv yili oxirida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi taqdimnomasiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy ta’lim muassasalari bo‘yicha nomli stipendiyalarni taqsimlashni ta’lim ixtisosiga va talabalar soniga muvofiq amalga oshiradi.

3. Stipendiyalarni tayinlash uchun quyidagi mezonlarni bajarish belgilanadi:

  • a’lo o‘qish va ilmiy (ijodiy) ishlarda ishtirok etish;
  • tillarni — davlat tilini va bitta xorijiy (Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari davlat tillaridan tashqari) tilni bilish, bakalavriatdagi ta’lim yo‘nalishi xorijiy til hisoblangan alohida hollarda qo‘shimcha ravishda yana bitta xorijiy tilni bilish; O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar uchun esa o‘qish olib boriladigan tilni qo‘shimcha ravishda bilish talab qilinadi;

Tillarni bilish bo‘yicha umumiy talablar darajasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan, oliy ta’lim muassasalarining tillar bo‘yicha ixtisoslashmagan mutaxassisliklar uchun xorijiy tillarga bo‘lgan talablari hajmida belgilanadi.

Nomli davlat stipendiyalariga talabgorlar ushbu tillar bo‘yicha o‘z bilimlari darajasini aniqlash uchun o‘qish joyidagi til kafedralarida maxsus suhbatdan o‘tadilar.

4. Nomli davlat stipendiyalarini tayinlash uchun nomzodlar ko‘rsatish davlat oliy ta’lim muassasalari ilmiy kengashlari tomonidan, talabgorlarning o‘quv va ilmiy faoliyatlarini ommaviy muhokama qilish asosida amalga oshiriladi.

Nomli davlat stipendiyasiga talabgorlar dastlabki ko‘rib chiqish uchun ilmiy kengashga quyidagilarni taqdim qiladilar:

  • sinov daftarchasidan ko‘chirma;
  • dekanat, kafedraning tavsiyanomasi;
  • ilmiy (ijodiy) ish rahbarining fikr-mulohazasi;
  • tillar kafedrasining suhbat natijalari haqidagi ma’lumotnomasi.

Barcha hujjatlar jildga tikilgan yoki papkaga joylangan holda taqdim etiladi. Muqovada nomli davlat stipendiyasining nomi, talabgorning familiyasi, ismi va otasining ismi, fakulteti, kursi, guruhi ko‘rsatiladi.

5. Ilmiy kengashlar yashirin ovoz berish orqali oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qaror qabul qiladilar.

Ilmiy kengashlarning qarorlari oliy ta’lim muassasalari qarashli bo‘lgan vazirliklar va idoralarning O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga nomli davlat stipendiyalarini tayinlash to‘g‘risida tavsiyanomalar jo‘natishi uchun asos bo‘ladi.

6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi stipendiyalar tayinlash haqidagi tavsiyanomalarni yiliga bir marta ko‘rib chiqadi. Ko‘rib chiqish muddati — 10 - 25 sentyabr.

7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining qarori davlat oliy ta’lim muassasalarining talabalarga nomli davlat stipendiyalarini tayinlash va to‘lash haqidagi buyruqlarni rasmiylashtirishi uchun asos bo‘ladi.

Stipendiyalar 1 sentyabrdan boshlab, bir yil muddatga, belgilangan miqdorga qat’iy muvofiq holda tayinlanadi. Stipendiyalarni yangi muddatga qaytadan tayinlash ham aynan shu tartibda amalga oshiriladi.

8. Nomli davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lgan talabalarga quyidagi guvohnomalar beriladi:

  • «Beruniy davlat stipendiyasining sohibi»;
  • «Ibn Sino davlat stipendiyasining sohibi»;
  • «Navoiy davlat stipendiyasining sohibi»;
  • «Ulug‘bek davlat stipendiyasining sohibi»;
  • «Imom al-Buxoriy stipendiyasining sohibi».

Guvohnomalar talabalarning o‘qish joyida tantanali vaziyatda topshiriladi.

9. Nomli davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lgan talabalar bakalavriatni tugatganidan so‘ng bir yil mobaynida, tegishli mutaxassislik bo‘yicha magistraturaga kirish imtihonlarisiz, grant asosida qabul qilinadilar.

10. Nomli davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lgan talabalar o‘qishni tugatganlaridan so‘ng bir yil mobaynida magistraturada o‘qishni davom ettirish uchun xorijga yuborilayotgan yoshlar guruhlari tarkibiga kiritilishda ustunlikka ega bo‘lish huquqini saqlab qoladilar.

11. Talabalarni kundalik darslarni o‘zlashtirmaganlik, o‘quv intizomini va ilmiy odob-axloqni buzganlik uchun o‘quv yili mobaynida nomli davlat stipendiyalaridan mahrum qilish davlat oliy ta’lim muassasalari taqdimnomalariga binoan tegishli vazirliklar va idoralar buyruqlari bilan amalga oshirilishi mumkin.

12. Talabalarning nomli davlat stipendiyalarini tayinlash bo‘yicha ariza va shikoyatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi stipendiya va uni tayinlash tartibi to'g'risida Nizom