Ko‘zi ojiz abituriyentlarni qabul qilish tartibi

  • Asosiy
  • Ko‘zi ojiz abituriyentlarni qabul qilish tartibi

Oliy ta’lim muassasalariga ko‘zi ojiz abiturientlarni qabul qilish
TARTIBI

1. Ko‘zi ojizlar toifasiga maxsus maktab-internatlar tomonidan ko‘zi ojizlar uchun berilgan yetuklik attestatiga ega bo‘lgan abiturientlar kiradi.

2. Ko‘zi ojiz abiturientlar oliy ta’lim muassasalariga kirish chog‘larida kirish imtihonlarini ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan test sinovlari uchun belgilangan fanlar majmuasiga mos keluvchi ko‘p balli yoki ularga keltirilgan besh balli baholash tizimi bo‘yicha, an’anaviy uslubda topshiradilar.

3. Fanlar bo‘yicha kirish imtihonlarini o‘tkazish shakli (yozma yoki og‘zaki) O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan belgilanadi.

4. Ko‘zi ojiz abiturientlar bilan tushuntirish ishlarini olib borish uchun oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan maxsus mas’ul xodim ajratiladi.

5. Oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi kirish imtihonlarini o‘tkazish uchun fanlar bo‘yicha komissiyalarni tashkil etadi.

6. Fan bo‘yicha kirish imtihonlarining dasturlari umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi umumta’lim fanlari dasturlariga to‘la muvofiq holda tuziladi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

7. Kirish imtihonlarini o‘tkazuvchi komissiya tarkibiga ko‘zi ojizlar yoki nogironlar jamiyatining vakili kiradi.

8. Oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari ko‘zi ojiz abiturientlar uchun kirish imtihonlari fanlari bo‘yicha maxsus tuzilgan jadvalga binoan maslahatlar tashkil etadilar.

9. Ko‘rsatilgan abiturientlar toifasi uchun kirish imtihonlari oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan 26 iyulga qadar o‘tkaziladi.

10. Mazkur toifaga kiradigan abiturientlar va kirish imtihonlari natijalari haqidagi ma’lumotlar 27 iyulga qadar Davlat komissiyasiga va Davlat test markaziga topshiriladi.

11. Kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan abiturientlar Davlat komissiyasi bilan kelishilgan holda, oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi majlisining bayonnomasi va oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i bilan tanlovsiz davlat grantlari asosida qabul qilinadilar.