Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti matbuot xizmati qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilishining o‘ttiz yilligi munosabati bilan “Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan, ona tilim!” mavzusida blogpostlar tanlovini e’lon qiladi.
Tanlovni o‘tkazishdan maqsad - 2019 yil 21 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganiga o‘ttiz yil to‘lishi hamda yosh-avlod o‘rtasida ona tiliga bo‘lgan hurmat va e’tiborni kuchaytirish, milliy til millatning ruhi ekanligini yetishib kelayotgan avlod ongiga singdirish, milliy tilimizning ravnaqini yanada yuksaltirishdir.
Tanlovda barcha TATU talabalari ishtirok etishlari mumkin. Tanlov g‘oliblari shu yilning 20 oktabr kuni Universitetning rasmiy saytida va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilinadi.
Tanlovda birinchi, ikkinchi, uchinchi o‘rin g‘oliblari aniqlanib, birinchi o‘rinni egallagan ishtirokchiga 500 ming, ikkinchi o‘rinni egallagan ishtirokchiga 300 ming, uchinchi o‘rinni egallagan ishtirokchiga 200 ming so‘m pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari beriladi.
Tanlovda ishtirok etish shartlari:
- Blogpostlar tanlovida internet tarmog‘ida o‘zining sahifasi (blog, veb-sayt, telegram kanal, Facebook sahifa, Instagram va boshqa internet platformalari) bo‘lgan, davlat (o‘zbek) tilida blog yoza oladigan, talabalar qatnasha oladi;
- Ishtirokchilar yoshi, jinsi, millati, dini, irqi, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar teng huquqqa egadir;
- Blogpostlar havolalari maxsus telegram orqali (@tatumatbuotxizmati) 18 oktabr sanasiga qadar Hakamlar xay’atiga yuborilishi kerak;
- Blogpostlar hajmi cheklanmagan;
- Matnning imlo xatolardan xoliligi, video, audio va fotobloglarda esa texnik qusurlardan xoliligi, sifati;
- Mavzu (g‘oya)ning originalligi;
- Muallifning shaxsiy fikri mavjudligi, aytmoqchi bo‘lgan fikri (g‘oyasi)ning tugalligi;
- Ijodiy ishlar shakliga (matn, foto, video, audio va h.k.) ham cheklov yo‘q. Bu talabalarning o‘z uslubiga va kreativligiga havola;
- Jamoaning mehnati natijasi bo‘lgan ijodiy ishlarni jamoa nomidan bir jamoa a’zosi topshiradi. Bir ijodiy guruhdan faqat bitta ijodiy ish qabul qilinadi;
- Shaxsi noma’lum talabalar tomonidan, shuningdek, shaxsiy fikr emas, balki turli manbalardan ko‘chirilgan blogpostlar tanlovga qabul qilinmaydi.
TATU matbuot xizmati