YANGI YIL BAYRAMI MUNOSABATI BILAN TATU REKTORINING TABRIGI

  • Asosiy
  • YANGI YIL BAYRAMI MUNOSABATI BILAN TATU REKTORINING TABRIGI

Assalomu alaykum, Muhtaram ustozlar!
Aziz talabalar!
Bugungi quvonchli kunlarda siz azizlarni, yangi yil bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Sizga oilaviy tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik tilayman!

Albatta, oʻtayotgan har bir yil bizga umr va vaqt qadrini yanada chuqurroq his etishimizga, amalga oshirayotgan ishlarimizni sarhisob qilishimizga koʻzgu, kelajak rejalarimizni tuzishga, ustuvor maqsadlarimizni aniqlab olishimizga turtki boʻladi.
Ortda qolayotgan bir yil nafaqat Respublikamiz, balki butun dunyo hamjamiyatida sinovli yil boʻldi, desak adashmaymiz. Anglab turganingizdek, koronavirus pandemiyasi dunyo davlatlari, xususan, mamlakatimiz iqtisodiy, ijtimoiy holatiga ham oʻzining katta taʼsirini koʻrsatdi.

Ammo mana shunday sinovli yilda hamjihat boʻlib, bir yoqadan bosh chiqarib tom maʼnoda insoniylik tuygʻularimizni namoyon etdik, desak mubolagʻa boʻlmaydi!

Jonajon diyorimiz Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan tantanadagi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tabrik nutqida taraqqiyotimizning maqsadi Uchinchi Renessans boʻlishi lozimligini taʼkidladi. Mazkur strategik gʻoya oʻzining ulugʻvorligi, milliy yuksalish barcha jabhalarda qanday umumiy maqsadni koʻzlamogʻi zarurligini koʻrsatadi. Amalda davlat rahbari taraqqiyotning hozirgi bosqichida Oʻzbekiston milliy gʻoyasining yangi va aniqlashtirilgan mazmunini ifodaladi.

Kuni kecha muhtaram Prezidentimizning Parlamentga Murojaatnomasida 2021-yil — “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili“ deb nomlash taklif etildi. Bu esa mamlakatimizning barcha talaba-yoshlariga qaratilayotgan yuksak eʼtibor deb qarasak boʻladi.

Zotan, oʻzgarishlar davrida ekanmiz, bu jarayonni axborot texnologiyalarisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Yurtboshimiz ham har bir nutqida zamonaviy texnologiyalarning mamlakatimiz rivojida qachalik ahamiyatli ekanligiga alohida toʻxtalib oʻtmoqda.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti esa bugungi kunda respublikadagi axborot texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlaydigan tayanch oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi.
Shu boisdan, yildan yilga universitetimizda tahsil olishni istayotgan yoshlarimizning safi koʻpayib bormoqda. Misol tariqasida aytishimiz mumkinki, 2019/2020 oʻquv yilida universitetga jami 15 843 nafar abituriyent hujjat topshirgan boʻlsa, 2020/2021 oʻquv yilida 25 957 nafar abituriyent oʻqishga kirish uchun hujjat topshirgan. Joriy oʻquv yilida 2019-yilga nisbatan 10 114 nafar yoki qariyb 40% koʻp hujjat qabul qilindi. Bu juda quvonarli hol, albatta!

Ayni vaqtda universitetda jami 8 500 dan ziyod talaba tahsil olmoqda.
Universitetimiz professor-oʻqituvchilari 2020-yilda ilmiy yoʻnalishda ham koʻpgina yutuqlarga erishdi. Xususan, ilmiy maqolalarni SCOPUS bazasiga kiritilishi 1,5 barobarga oshdi. Bu oʻz navbatida TATUda ilmiy salohiyat oshib borayotganidan dalolat beradi.

2020/2021 oʻquv yilidan universitet magistraturasiga 22 ta mutaxassislik: Kompyuter grafikasi va dizayn, Kompyuter ilmlari va dasturlash texnologiyalari, Geoaxborot tizimlari va texnologiyalari, Maʼlumotlar ilmi (Data Science), Sunʼiy intellekt, Optik tolali tarmoqlar texnik ekspluatatsiyasi, Multiplikatsion filmlar texnologiyalari, Sunʼiy yoʻldoshli aloqa tizimlari kabi yangi mutaxassisliklarga qabul amalga oshirildi.
COVID-19 koronavirus pandemiyasi sababli joriy etilgan karantin davrida talabalarning masofadan turib tahsil olishlari uchun masofaviy taʼlim tizimi (tuit.uz, moodle.tuit.uz, Ims.tuit.uz) ishga tushirilgan.

2020-2021-oʻquv yili qabulida oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari uchun test sinovlarini oʻtkazish rejalashtirilgan binolarning geomanzilini koʻrsatib beradigan “ImtihonGo” nomli maxsus mobil ilova ishlab chiqildi. Ushbu ilova abituriyentlar tomonidan oʻn mingdan ortiq yuklab olindi.
Universitet professor-oʻqituvchilari tomonidan Davlat imtihonlarini shaffofligini taʼminlash maqsadida barmoq izi identifikatsiyasi yordamida pasport egasi haqiqiyligini aniqlaydigan maxsus uskuna yaratildi.

Shu oʻrinda yil davomida talabalarimiz erishgan yutuqlarni ham taʼkidlab oʻtmaslikning iloji yoʻq. Xususan, “ROBOT.UZ-2020” respublika tanlovida, Britaniya Kengashi va London Metropolitan universiteti tomonidan Sreative Spark global dasturida doirasida tashkil etilgan Big Idea Challenge xalqaro tanlovida, “mGovAward” davlat xizmatlari mobil ilovalarini yaratish boʻyicha tanlovida, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilgan “TechnoWays” texnologik rivojlanish marafonining II mavsumida universitetimiz talabalari muvaffaqiyatli ishtirok etib gʻolib boʻlishdi!

Albatta, talabalarimizning bunday katta yutuqlarga erishishida universitet professor-oʻqituvchilarining oʻrni va mehnati beqiyos.

Oʻylaymanki, kirib kelayotgan 2021-yil bundan ham katta yutuqlarga, bundan ham koʻp fayzli ishlarga boy boʻladi.

Aziz talabalar!

Oldingizga qoʻygan ulkan maqsadlarga erishishingizda sizga doimo kuch-gʻayrat, omad va zafarlar tilaymiz. Yuqori natijalarni qayd etishingizda universitet rahbariyati, professor-oʻqituvchilari oʻzlarining bor bilim va salohiyatini safarbar etadi.

Hurmatli professor-oʻqituvchilar!

Universitetda tahsil olayotgan talabalarimiz bugungi jahon mehnat bozoriga axborot texnologiyalari boʻyicha raqobatbardosh kadrlar boʻlib yetishishida, jonajon vatanimizning ravnaqiga oʻzining beminnat hissasini qoʻshishida sizning oʻrningiz katta. Bu yoʻlda sizga doimo kuch-gʻayrat tilayman!

Yana bir bor sizlarni, siz orqali barcha oila aʼzolaringizni kirib kelayotgan yangi 2021-yil bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman! 2021-yil har bir oila, har qaysi xonadonga qut-baraka, baxt va omad olib kelsin!

Yangi yil barchamizga muborak boʻlsin!

Sarvar Babaxodjayev,

TATU rektori