30 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamkorligida TATU va uning hududiy filiallarida mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Mazkur mehnat yarmarkalarida universitetning 2,6 ming nafar bakalavriat va magistr bitiruvchilari ishtirok etdi. Tadbir doirasida, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari va sohalaridagi kadrlar iste’molchilari va ish beruvchilar uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishidagi oliy ma’lumotli bitiruvchilar bilan bevosita uchrashish va kelgusida shunday mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish imkoniyati yaratildi.
Ma’lumki, davlatimiz rahbariyati tomonidan mamlakatimizdagi yoshlarning ta’lim olishiga, ta’lim sifatini oshirishga va xalqaro me’yorlar darajasida kadrlar tayyorlashga, iqtisodiyotning turli tarmoqlari va sohalari uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yuqori malakali, bilimli va yetuk qobiliyatga ega kadrlar tayyorlash, ularning kelgusida aniq ish bilan ta’minlash borasida alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Bu borada, muhtaram Prezidentimizning Vazirlar Mahkamasida o‘tkazilgan yil yakunlariga bag‘ishlangan majlisdagi ma’ruzalarida ta’kidlaganlaridek, “...aholi bandligini ta’minlash, eng avvalo, kasb-hunar kollejlari va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish” bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar 2018 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilab berilgan.
Hozirgi kunda davlatimiz rahbariyati tomonidan mamlakatimizdagi barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari va mahalliy davlat boshqaruvi organlari faoliyatiga “Elektron hukumat” loyihalarini hamda axborot-kommunikatsiya tizimlarini keng joriy qilish bo‘yicha istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Ushbu vazifalarni amalga oshirishda AKT sohasida yetuk bilimga ega bo‘lgan, zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni o‘zlashtirgan va o‘z ish faoliyatida qo‘llay oladigan mutaxassislarning o‘rni kattadir.
O‘tkazilgan mehnat yarmarkasining asosiy maqsadi soha kompaniyalari va tashkilotlariga, shuningdek, mamlakatimizda mazkur yo‘nalishda mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga yosh iqtidorli kadrlarni jalb etish imkoniyatini yaratish, shuningdek, ularni ishga joylashishlariga ko‘maklashishdan iborat bo‘ldi.
Ushbu maqsadlarni ro‘yobga chiqarish borasida, AKT sohasidagi korxona va tashkilotlar, shuningdek davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining 100 dan ziyod korxona va tashkilotlari 1000 dan ziyod o‘zida mavjud bo‘lgan ish joylari bilan ishtirok etdi.