Joriy yilning 18 may kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimidagi tashkilotlarning yoshlariga qaratilgan “Internet orqali radikallashuv: muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari” mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va uning huzuridagi Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazi tomonidan tashkillashtirildi.
Ushbu ilmiy-amaliy seminarda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Xalqaro Islom Akademiyasi hamda O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetining professor va ilmiy tadqiqotchilari, shuningdek, axborot xavfsizligi va axborot xurujlari sohasidagi ko‘plab yetakchi ekspertlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti talabalari hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdilar.
Ilmiy-amaliy seminarini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – mamlakatimiz va dunyo miqiyosida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bir davrda, Internetdagi turli manbalar, ijtimoiy tarmoqlar omili orqali yosh avlodning radikallashuvi masalalari dolzarb ahamiyatga molik bir jarayonda, axborot xavfsizligini ta’minlash, yoshlarni Internet makonda vayronkor g‘oyalar domiga tushib qolmasligi singari masalalarga yanada ko‘proq e’tibor qaratishdan iborat. Shuningdek, mazkur yo‘nalishning o‘ta dolzarbligi inobatga olinib, Global tarmoq vositasida amalga oshirilayotgan axborot xurujlarining oldini olish bo‘yicha yuzaga kelayotgan turli muammolarga yechim topish, kelgusida ushbu muammolarga oldini olish va bartaraf etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishda yangicha yondashuvlar, mexanizmlar xususida o‘zaro fikr almashish ko‘zda tutilgan.