Oʼquv media markazi

Oʼquv media  markazi direktori 

Joldasov Shaxislam Batirovich

Qabul vaqti: Dushanba– Juma(14:00-16:00)
Telefon: (+99871) 238-65-48 

Oʼquv media markazi toʼgʼrisida haqida ma’lumot

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Oʼquv media markazi Oʼzbekiston Respublikasi va Yaponiya Hukumatlari oʼrtasida imzolangan Аnglashuv Memorandumi asosida tashkil etilgan.

Markazning maqsadi: Universitetda taʼlim jarayonini bevosita ishlab chiqarish jarayoni bilan integratsiyalashuvida faol ishtirok etgan holda vatanimizdagi televizion va media mahsulotlar bozorini rivojlantirish, taʼlimga yoʼnaltirilgan oʼquv media maxsulotlari yaratgan holda daromad olish, televizion texnologiyalari sohasida jaxon darajasidagi yetuk mutaxassislarni tayyorlash orqali malakali hodimlar zaxirasini yaratish va ish oʼrinlarini kengaytirish.

Markazning vazifalari: Xalqaro tajribalardan kelib chiqib, oliy taʼlimning ilgʼor standartlarini taʼlim jarayoniga joriy etish; taʼlim tizimida eng soʼnggi zamonaviy texnologiyalarni qoʼllash; shuningdek, talabalarga nazariy bilimlar berish bilan birga ularda amaliy koʼnikmalarni ham rivojlantirish; taʼlim jarayonini ishlab chiqarish jarayoniga integratsiyalashuvida faol ishtirok etish; media ishlab chiqarish sohasida malaka oshirish kurslarini hamda qisqa muddatli ixtisoslik kurslari koʼrinishidagi treninglarni tashkil etish; Oʼzbekiston Oliy va oʼrta maxsus va umumtaʼlim muassasalari rahbar hodimlari va professor-oʼqituvchilarining media kompetentliligini oshirishga qaratilgan oʼqitish faoliyatini olib borish; media va televizion ishlab chiqarish texnologiyalarini chuqur oʼrganishga oʼz istagini bildirgan universitet, uning filiallari va unga qarashli oʼrta-maxsus kasb-hunar taʼlimi muassasalari hodimlari va talabalarini tanlov asosida oʼqitish; masofaviy taʼlim uchun turli koʼrinishdagi interaktiv, media oʼquv manbaalari, videodarslarni yaratish.

Oʼquv media markazida jami 48 nafar tinglovchiga moʼljallangan 2 oʼquv auditoriyasi, jami 52 nafar tinglovchiga moʼljallangan televizion studiya, kichik pavilon, rejissyorlik pult xonasi, oʼquv montaj laboratoriyasi, professional montaj studiyasi, ovoz yozish studiyasi, fotostudiya, virtual televizion studiyasi kabi oʼquv laboratoriya xonalari bilan taʼminlangan va 24 kishilik filmlar koʼrigi xonasi mavjud. Oʼquv laboratoriyalari va oʼquv-maʼruza xonalarining umumiy maydoni 584.2 kv.m.ni tashkil etadi.

Oʼquv media markazining qisqacha tarixi:

 

   Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Oʼquv media markazi garchand 2019-yilning 29-oktabr kuni ochilgan boʼlsada, uning tarixi 2013-yilga borib taqaladi. Oʼzbekiston respublikasi Prezidentining 2013-yil 26-martdagi PQ1942-son “Аxborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Qaroriga koʼra universitetning moddiy texnik bazasini takomillashtirish, oʼquv laboratoriyalarini zaruriy uskuna va jihozlar bilan taʼminlash va eng asosiysi, taʼlim jarayonini ishlab chiqarish bilan toʼliq integratsiyalashuviga erishish masalasi universitet oldidagi asosiy vazifaga aylandi.

   Universitetning “Televizion texnologiyalar” fakulteti, “Telestudiya tizimlari va ilovalari” kafedrasi mudiri B.J.Bazarbaev, katta oʼqituvchilar Sh.T.Xusanov va А.Mamadalievlar tashabbusi bilan fakultet taʼlim yoʼnalishlari talabalarining bilim va malakalarini oshirish maqsadida fakultet qoshida televizion ishlab chiqarish texnologiyalariga asoslangan Oʼquv media markazi tashkil etish uchun loyiha tayyorlandi. Loyiha Yaponiyaning JICA – Yaponiya halqaro hamkorlik Аgentligiga topshirildi. Yaponiya tomoni ushbu loyihani tasdiqlab 2015-yilda loyihani amalga oshirish uchun 1,6 million АQSh dollari miqdorida grant mablagʼlarini ajratishini maʼlum qildi.

   2017-yilga kelib loyihani amalga oshirish ishlari oʼzining avj nuqtasiga yetdi. Shu yili Oʼzbekiston va Yaponiya hukumatlari oʼrtasida loyihani amalga oshirish boʼyicha memorandum imzolandi. Yaponiyaning JICA Аgentligi va uning tarmoq korxonasi boʼlgan JICS mutaxassislari bilan Oʼquv media markazining kontseptsiyasi, unda oʼrin oladigan oʼquv laboratoriyalari, ularning joylashgan joyi, xarid qilinadigan texnik vositalar va jihozlar, ularning hususiyatlari boʼyicha muzokaralar boshlandi. Oʼquv media markazining yuqori darajada va samarali faoliyat yuritishi uchun bajarilishi lozim boʼlgan ishlar belgilab olindi.

   2018-yilda JICA Аgentligi nazoratida Yaponiyada tender jarayoni boʼlib oʼtdi. Tenderda gʼolib boʼlgan firma tomonidan taqdim etilgan texnik vositalar roʼyxati yana bir bor TАTU mutaxassislari tomonidan koʼrib chiqildi va tasdiqlandi. Shu yildan boshlab TАTU hududida joylashgan eski kichik sport zalini Oʼquv media markazi uchun ajratildi hamda bu yerda rekonstruktsiya ishlari boshlab yuborildi.

2019-yildan boshlab esa Yaponiyadan texnik uskuna va jihozlar keltirila boshlandi. Shu yilning iyun oyiga kelib barcha qurilish montaj ishlari, uskunalarni oʼrnatish ishlari oʼz yakuniga yetkazildi. Media oʼquv markazida texnik qurilmalarni yetkazish va oʼrnatish ishlari Yaponiyaning Marubeni kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi.

   2019-yilning 29-oktabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Oʼzbekiston Respublikasi hamda Yaponiya hukumatlari oʼrtasidagi kelishuvga muvofiq mamlakatimizdagi OTMlar orasida yagona boʼlgan oʼquv media-markazining tantanali ochilish tadbiri boʼlib oʼtdi. Oʼquv media markazining ochilish marosimida Oʼzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JICA) vitse-prezidenti janob Kazuxiko Kashikava, TАTU rektori Toʼlqin Teshaboev, Yaponiya elchisi janob Fujiyama Yoshinori, universitet professor-oʼqituvchilari, OАV vakillari hamda talabalar ishtirok etishdi.

Ochilish marosimidan soʼng tadbir ishtirokchilari va mehmonlarga media-markazning barcha imkoniyatlari, eng ilgʼor texnologiyalar, uning faoliyati toʼgʼrisida batafsil maʼlumotlar berildi. Shuni alohida qayd etish lozimki, oʼquv media markazidan xalqaro tajribalardan kelib chiqib, oliy taʼlimning ilgʼor standartlarini joriy etish, taʼlim tizimida eng soʼnggi zamonaviy texnologiyalarni qoʼllash, shuningdek, talabalarga nafaqat nazariy bilimlar berish, balki amaliy koʼnikmalarni rivojlantirishda foydalaniladi. Bu orqali esa zamonaviy media makoniga yuqori tajribaga ega boʼlgan mutaxassislarni yetkazib berish maqsad qilingan.

   Loyiha doirasida universitet Oʼquv media markaziga televizion dasturlarni tasvirga olish tizimi, televizion yoritkich qurilmalari, virtual studiya, TV yangiliklarni tasvirga olish qurilmalari, videomontaj tizimlari, raqamli fotostudiya, audio yozish tizimi, media pavilonni boshqarish qurilmalari oʼrnatilgan.

Oʼquv media markazining oʼquv laboratoriyalari haqida ma’lumot

1. Kichik pavilion

2. Ovoz yozish studiyasi

3.Virtual studiya

4. Montaj xonasi

5. Grim xonasi

6. Katta pavilion

7. Namoish xonasi

8. Fotostudiya

9. Boshqaruv pulti xonasi

Oʼquv media markazining ochilish marosimidan fotolavhalar