TATUning professor-o’qituvchilari “Game Stream” kompaniyasiga tashrif buyurishdi

  • Asosiy
  • TATUning professor-o’qituvchilari “Game Stream” kompaniyasiga tashrif buyurishdi

Avval xabar berganimizdek, TATUning professor-o’qituvchilari Belorussiya davlat informatika va radioelektronika universitetida stajirovka jarayonlarini boshlashgan edi. 18-favral kuni TATUning professor-o’qituvchilari Belorussiya davlat informatika va radioelektronika universiteti tashabbusi bilan “Game Stream” kompaniyasining bosh qarorgohiga tashrif buyurishdi.

Professor-o’qituvchilar tashrif chog'ida kompaniya mutaxassislarining kompyuter o'yinlarini yaratish bo'yicha erishgan asosiy yutuqlari va natijalari, shuningdek, kompyuter o'yinlarini yaratish bo'yicha olib borilayotgan ilmiy-amaliy ishlar bilan tanishdilar. Kompaniya mutaxassislarining taqdimot chog’ida innovatsion g'oyalar, kompyuter o'yinlarini rivojlantirish metodlari, IT-loyihalarni monetizatsiya qilish, dasturchilar bilan ishlash, shuningdek, yosh dasturchilarni qo'llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Tashrif davomida "Game Stream" kompaniyasining bosh ofisiga ekskursiya tashkil etildi.


Ma’lumot o’rnida aytish kerakki, kompaniya intellektual tizimlar va dasuriy ta’minot vositalarini ishlab chiqish maqsadida 2005-yilda tashkil etilgan bo'lib, Belarussiyaning savdo-sanoat palatasi tarkibiga kiradi. 2008-yildan esa Belarussiya Respublikasi Oliy Texnologiyalar Parkining rezidenti hisoblanadi. “Game Stream” bir qancha ko’zga ko’ringan dunyoga mashhur kompyuter o’yinlari bilan taniqlidir. Ushbu kompyuter o’yinlariga eng ko’p online o’yinchilariga ega bo’lib to’rt marta Ginnes rekordlar kitobiga kirgan “WORLD OF TANKS”ni misol qilsak bo’ladi. Bundan tashqari “Game Stream” kompaniyasi internet hamda internet reklama, BigData va boshqa sohalarda keng ko'lamli texnologiyalarni joriy etish bilan shug’ullanadi.

TATU matbuot xizmati