TАTU bitiruvchisi “Erasmus +” dasturi doirasida 3 ta xorijiy universitetda oʼqish imkoniyatini qoʼlga kiritdi

  • Asosiy
  • TАTU bitiruvchisi “Erasmus +” dasturi doirasida 3 ta xorijiy universitetda oʼqish imkoniyatini qoʼlga kiritdi

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Telekommunikatsiya fakulьteti bitiruvchisi Xojiakbar Botirov “Erasmus+ dasturi doirasida Aston universiteti (Buyuk Britaniya), Université Paris-Saclay (Frantsiya) va Afina universiteti (Gretsiya)da grant asosida magistraturada oʼqish imkoniyatini qoʼlga kiritdi.

Botirov Xojiakbarning taʼkidlashicha, u Erasmus+ dasturi haqida doʼstidan eshitganidan keyin rasmiy veb saytdan mos dasturlarni qidira boshlagan. Uning asosiy eʼtiborini maʼlumotlar uzatish tizimlari tortgan hamda "SMARTNET" dasturi mos kelgan.

Xojiakbarning eʼtirof etishicha, ushbu dasturni tanlashining asosiy sababi - dastur bizning mamlakatimizda hali integratsiyalashmagan mavzular va texnologiyalarni oʼz ichiga olgan. Uning qayd etishicha, xujjatlar va zarur sertifikatlarni topshirishda qiyinchiliklarga duch kelmagan. Savollar paydo boʼlgach, darhol "SMARTNET" vakiliga xat yozgan va 3-4 kun ichida javob olgan.


- Mening eng muhim maqsadim - eng yaxshi talabalar qatorida boʼlish va amalda katta maʼlumotlarni qayta ishlash tizimini oʼrganish. Boʼlajak ishtirokchilar uchun barcha kerakli xujjatlarni oldindan tayyorlashni va universitet oʼquv dasturidan tashqari loyihalarda va kurslarda qatnashishga harakat qilishni maslahat beraman,- deydi Xojiakbar.

Maʼlumot oʼrnida aytish joizki, Erasmus+ Yevropa Ittifoqining loyihasi boʼlib, hamkorlikdagi turli tadbirlar, taʼlim, yoshlar bilan ishlash, sport kabi sohalarga oid loyihalarni qoʼllab-quvvatlaydi.

TATU matbuot xizmati