11-sentyabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori T.Teshabayev boshchiligida bir guruh professor-oʻqituvchi va talaba-yoshlar ishtirokida oʻtkazilgan navbatdagi madaniy-maʼnaviy tadbir buyuk yozuvchi Said Ahmad va shoira Saida Zunnunovalarning hayoti va ijodini oʻrganish, adibning mashaqqatli lekin sharafli hayot yoʻlini yoshlarga tanishtirish va ibrat sifatida targʻib qilish maqsadida tashkil etildi. Tadbirda universitet rektori T.Teshabayev bilan birga adibning qizi Nodira Xusanxodjayeva, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasidan vakillar ishtirok etdilar.
2020-yilning bahorida Toshkentning qoq markazida “Adiblar xiyoboni”ning ochilishi yangi Oʻzbekiston tarixida katta voqea boʻldi.
Oʻsha kuni yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mazkur xiyobonda oʻzbek tuprogʻida yashab ijod etgan, xalqining nurli kelajagi uchun kurashgan va oʻzidan bebaho asarlarni yozib qoldirgan yigirmadan ziyod soʻz sanʼati sehrgarlari xotirasini abadiylashtirish yoʻlida katta qadamlar tashlangani bir umrga xotiramizda muhrlanib qoldi, desam yanglishmayman.
Oʻsha voqealar taʼsirida yurganimizda, bizning Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va boshqa oʻnlab oliy oʻquv yurtlariga mashhur adiblar, shoirlarning hayoti va ijod yoʻlini targʻib qilish vazifa etib berilganligi ham uzoqni oʻylab qilingan siyosiy va maʼnaviy tadbir, deb hisoblaymiz. Chunki bu xiyobon bilan muntazam ravishda adabiy bogʻlanish, talaba yoshlarni xiyobonga uchrashuv, jonli suhbatlarga taklif etish samarasi shundaki, u adabiyot bilan xalqni, demakki, hayot bilan amaliyotni, kitoblar olami bilan yosh avlodni ruhan va maʼnan yaqinlashtirish, odob va axloqda, maʼnaviyat va siyosatda, taʼlim va tarbiyada uygʻunlikka erishishni taʼminlash, yoshlar ongi va qalbini Vatan, ozodlik, bagʻrikenglikka, yurt uchun qaygʻurib yashashga oʻrgatadi.
Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning kuch-gʻayrati va tashabbusi bilan ochilgan ushbu maskanda Said Ahmad va Saida Zunnunova xotirasiga oʻrnatilgan haykal ham bor.
Said Ahmad ham inson, ham ijodkor sifatida murakkab yoʻlni bosib utdi. Pirovardida, mana shu yoʻl uni xalkimiz uchun ardokli insonga, adabiyotimiz uchun atokli yozuvchilarimizdan biriga, qator ordenlarning sohibi va Oʻzbekiston Kaxramoniga aylantirdi.
Oʻzbek elining faxri-iftixoriga aylangan adib, Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad hozir hayot boʻlganida, qutlugʻ yuz yoshga toʻlgan boʻlardi.
Hayot – muallim, u ham oʻrgatadi, ham kuldiradi, ham yigʻlatadi. Said Ahmad bir marta tili kuyganidan keyin, yirik polotnolar – romanlar yozish yoʻlidan bormadi, balki oʻzi ishlagan “Mushtum” jurnali “odob”taʼlimiga suyanib, hayotdagi kamchiliklarni xalqning nazariga tushgan miniatyuralar teatri orqali hajv ostiga olaverdi. “Yoʻqotganlarim va topganlarim”, “Qorakoʻz majnun”, “Kiprikda qolgan tong” kabi kitoblarida boshidan oʻtkazgan qora kunlarni xotirladi. Mazkur asarlar oʻzbek nasrining oltin xazinasidan oʻrin egalladi.
Said Ahmadning yumoristik mahorati “Kelinlar qoʻzgʻoloni”, “Kuyov” komediyalarida yorqin namoyon boʻldi, desak yanglishmaymiz. Birinchi asari ming martadan koʻproq namoyish etildi, hatto oʻnlab davlatlarning sahnalarini gulga toʻldirdi. “Kelinlar qoʻzgʻoloni” spektaklida kattakon oʻzbek oilasida qaynona va kelinlar oʻrtasida mehr-oqibat, oʻzaro hurmat qadriyatlarining ustunligi (gʻarb oilasi uchun bu jumboqning jumbogʻi) mohirona koʻrsatilib, hatto demokratiya rivoj topgan davrlarda ham oʻzbek urf-odatlarini arab-avaylash gʻoyasi yotadi.
Adabiyot insonnning yorugʻ orzu-intilishlarini qoʻllab-quvvatlaydigan, oʻquvchiga hayotbaxsh kuch ato etuvchi goʻzal hissiyotlarni uygʻotadi, millat tafakkurini, sheʼriyat tuygʻusini tarbiyalaydi. Demak, fuqaroning maʼnaviy-ruhiy olami boyisa, oʻzini anglasa, fikrlay boshlasa oʻzbek oilasida pokiza muhit yaratiladi, ahillik paydo boʻladi, demak, jamiyatga toza ruh kiradi, odamlarda poklanish, tozarish uchqunlari koʻrinadi, davlatning maqomi, nufuzi ham birdan koʻtariladi. Millat yuksalish sari yuz buradi...
Davlatimiz rahbarining bu ajoyib gʻoyani amalga oshirishida chuqur maʼnoni anglaganday boʻldik. Adabiyot yashasa – millat yashaydi! Adabiyot – millatning koʻngli, u qahramonlari soʻzlari, daldalari yordamida qalblarga kirib boradi, insonni mayda-chuyda tashvishlardan qutulib, yuqori manzillarni koʻzlashga undaydi.