Xalq ardog‘idagi buyuk san’atkor

  • Asosiy
  • Xalq ardog‘idagi buyuk san’atkor

16 mart kuni O‘zbekiston xalq artisti, o‘zbek professional raqsi asoschilaridan biri hisoblangan Tamaraxonim (1906-1991) tavalludining 110 yilligi nishonlanmoqda.

Tamaraxonim hayotligidayoq afsonaga aylanib ulgurgan edi.U XX asrning yigirmanchi yillarida Frantsiya poytaxti Parijdagi jahon san’ati ko‘rgazmasida qatnashib, kontsert bergandi. Tadbirda dunyoning ko‘pgina davlatlari qatnashchilari ishtirok etib, uning san’atiga, mahoratiga tan berishgan.

Tamaraxonim 1935 yili Londonda o‘tkazilgan birinchi xalqaro raqs festivalida qatnashadi. O‘shanda uni Angliya matbuoti «sharq raqsining gavhari» deb ta’riflaydi. Tamaraxonim raqslarini nafaqat Frantsiya yo Angliya, balki jahonning Norvegiya, Germaniya, Xitoy, Hindiston, Polsha, Ruminiya, Eron, Afg‘oniston, Mo‘g‘uliston singari o‘nlab mamlakatlarida ham maroq bilan tomosha qilishgan, unga tasannolar aytishgan.

Mukarrama Turg‘unboeva, Galiya Izmaylova, Qunduz Mirkarimova, Klara Yusupova, Bernora Qorieva, Qizlarxon Do‘stmuhammedova singari mashhur raqqosalari uning shogirdlari sanaladi.

Tamaraxonimni Rabindranat Tagor, Sergey Yesenin, Raj Kapur, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Sadriddin Ayniy, G‘afur G‘ulom, Abulqosim Lohutiy, Dmitriy Shostakovich, Mayya Plisetskaya kabi ko‘pgina buyuk insonlari bilan uchrashgan, hamsuhbat bo‘lgan.

Tamaraxonimning asl ism-sharifi Tamar Artyomovna Petrosyants bo‘lib, u 1906 yilning 16 (29)martida Yangi Marg‘ilon (hozirgi Farg‘ona)datug‘ilgan. Millati arman bo‘lishiga qaramay, o‘zbek tili, milliy urf-odatlarini yaxshi bilgan.

1921-22 yillarda Ya.Sverdlov nomli Toshkent rus opera va balet teatri aktrisasi bo‘lgan. 1922 yilda Toshkent balet truppasiga o‘qishga kirib, birinchi o‘zbek artistlari Yetim Bobojonov, Abror Hidoyatov, Ali Ardobus Ibrohimov rahbarlik qilgan kontsert dasturlarida qatnasha boshlagan.

1924 yilda Moskvadagi teatr san’ati Markaziy texnikumi (hozirgi GITIS)ni tugatgan. 1924-28 yillarda M.Qoriyoqubovning kontsert truppasida (1926 yildan etnografik kontsert ansambli, 1928 yildan musiqa-eksperimental ansambli)da solistka bo‘lib faoliyat yuritgan.

1925-29 yillarda Samarqand, Qo‘qon, Andijon musiqali drama teatrlarida Shirin ("Farhod va Shirin"), Gulchehra ("Arshin mol olon"), Halima ("Halima") rollarini ijro etgan. 1929-34 yillarda Samarqand musiqali drama teatri (1931 yili Toshkentda O‘zbek musiqali drama teatriga aylantirilgan)da ishlagan. Milliy balet teatrini tashkil qilishda qatnashgan.

1929-34 yillarda musiqa-eksperimental ansambli asosida tuzilgan O‘zbek musiqali drama teatri solisti (1939 yildan Davlat o‘zbek opera va balet teatri, hozirgi A. Navoiy nomli Davlat akademik opera va balet teatri) Teatr raqs truppasini boshqargan. "Mehnat Qizil Bayroq" ordeni (1937, 1950, 1951, 1959, 1967), "Hurmat belgisi" ordeni (1939), Lenin ordeni (1976), 2-darajali Ulug‘ Vatan urushi ordeni (1985), "Buyuk xizmatlari uchun" ordeni (2003, vafotidan so‘ng), ko‘plab medallar bilan taqdirlangan. O‘zbekiston xalq artisti (1932), SSSR xalq artisti (1956) unvonlariga sazovor bo‘lgan.

Frantsiya (1925), Angliya (1935), Polsha (1948), XXR (1953), Norvegiya (1953), Indoneziya (1957), Chexoslovakiya (1959), Germaniya, Eron, Italiya, Turqiya, Hindiston, Mongoliya, Pokistan kabi qator davlatlarda gastrol safarlarida bo‘lgan.

1933 yildan Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabini tuzishda ishtirok etgan. 45 kun davomida qurilgan Katta Farg‘ona kanali qurilishida Tamarxonim qo‘shiq kuylab, raqs tushibgina qolmasdan, ishchi sifatida ham faoliyat ko‘rsatgan. 1941-69 yillari O‘zbek filarmoniyasi musiqali ansamblida asoschi, badiiy rahbari, baletmeysteri va solisti bo‘lib ishlagan.

Uluq Vatan urushi yillarida frontchi brigadalarda faol qatnashib, 1000dan ortiq kontsertlar qo‘ygan.

Tamaraxonim 1991 yilning 30 iyunida vafot etadi va Toshkentdagi Chig‘atoy qabristoniga dafn etiladi.

O‘z davrida Tamaraxonim Londondagi birinchi xalqaro raqs san’ati festivalida hamkasb ustozlari To‘xtasin Jalilov, doirachi usta Olim Komilov, surnaychi Abduqodir Isroilovlar bilan hashamatli "Albert-Xoll” kontsert zalida tomoshabinlarni hayratga solgandi.

Tamaraxonim o‘zbek xalq yalla va laparlari asosidagi qo‘shiq hamda raqslaridan tashqari, jahondagi 86 ta xalqning 500 dan ziyod ashula va raqslarini ham sahnaga olib chiqqandi. Uning xotirasi mangu yodimizdadir.