Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professori, siyosiy fanlar doktori Baxtiyor Omonovning «Jamiyatni modernizatsiyalashning konseptual asoslari (G‘arb va Sharq islohotlari qiyosiy tahlili)” monografiyasi rus tilida "Концептуалные основы модернизации общества (Сравнителный анализ реформ Запада и Востока)" nomi ostida Polshaning taniqli “Iscience” nashriyotida 1500 nusxada chop etildi.
Asli bu asar «Siyosiy modernizatsiyalash modellari va O‘zbekiston tajribasi» (2012) nomli kitobining mantiqiy davomi.
Kitob to‘rtta bobdan iborat: «Jamiyatni modernizatsiyalashning nazariy-metodologik asoslari» nomli birinchi bobida modernizatsiya tushunchasi mazmun-mohiyati, modernizatsiya jarayoni zaruriyati, inqirozlari va rivojlanish tendensiyalari; «Jamiyatni modernizatsiyalash asosiy tamoyillari va mezonlari» bobida jamiyatni modernizatsiyalashning genezisi va tadrijiy takomillashuvini belgilovchi omillari, siyosiy modernizatsiya tarkibiy tuzilmalari, tamoyillari va mezonlari, modernizatsiya konsepsiya va modellarining siyosiy-falsafiy tahlili; «Modernizatsiya konseptual modellari shakllanishi siyosiy-falsafiy jihatlari» nomli uchinchi bobida Yevropa jamiyatlarida modernizatsiyalashning iqtisodiy samaralari va muammolari, Markaziy va Janubi-sharqiy Osiyo davlatlarida modernizatsiya sharqona modelining namoyon bo‘lishi, Postsovet respublikalarida demokratik qadriyatlar shakllanishining o‘ziga xos yo‘li; «O‘zbekistonda jamiyatni modernizatsiyalash: barqarorlik va ijtimoiy rivojlanishning bosh omili» deb nomlangan to‘rtinchi bobida O‘zbekistonda siyosiy modernizatsiya jarayonining hozirgi ahvoli va istiqbollari, modernizatsiyalash va milliy o‘zlikni anglashda fuqarolik jamiyati institutlarining tutgan o‘rni, Harakatlar strategiyasi – milliy taraqqiyotning takomillashgan konseptual modeli kabi masalalar ilmiy yoritilgan.
Monografiyada Yevropa, Lotin Amerikasi, Markaziy, Janubi-sharqiy Osiyo va postsovet mamlakatlari (o‘ttizdan ziyod davlatlar)da kechayotgan murakkab modernizatsiyalash (yangilanish, zamonaviylashish) jarayonlarining siyosiy-falsafiy jihatlari chuqur tahlil etilgan, yigirmaga yaqin qiyosiy jadvallar keltirilgan, jahondagi ushbu dolzarb muammoga tegishli ilmiy xulosalar, amaliy takliflar va tavsiyalar o‘rin olgan.
Kitob oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, katta ilmiy xodimlari, tadqiqotchilar, davlat hokimiyati va nodavlat tashkilotning mas’ul rahbarlari, siyosiy partiyalar hamda modernizatsiyalash masalasiga qiziquvchi keng o‘quvchilar ommasiga mo‘ljallangan.
Baxtiyor Omonovning asarlari oldin AQSH, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Turkiya, Ukraina, Qozog‘iston kabi o‘nlab davlatlarda e’lon qilingan edi.
TATU matbuot xizmati