TATUda ta’lim jarayoni Respublikamiz boshqa OTMlari qatorida Hemis tizimi orqali boshqarilmoqda. Ushbu tizim pandemiya sharoitida Oliy ta’lim muassasalaridagi ta’lim jarayonini onlayn boshqarishda katta yordamchi vosita bo‘lib, bunda professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida elektron o‘quv kontentini ayirboshlash, mustaqil ta’limni yo‘lga qo‘yish, talabalar bilimini baholash tizimini to‘liq amalga oshirish imkoniyatini beradi. Ushbu tizim hozirgi kunda Universitet talabalari, professor-o‘qituvchilari, dekanatlar ish faoliyati, kredit tizimi bo‘limi kabilar ishini avtomatlashtirilgan holatda amalga oshirib kelmoqda.
Aytish kerakki, Universitet ma’muriyati onlayn dars mashg‘ulotlari va nazorat jarayonlarida texnik va Internet bilan bog‘liq muammoli holatlar yuzaga kelish ehtimolini inobatga olib, Universitetning barcha filiallarida Internet bilan ta’minlangan auditoriyalarni tashkil etdi (bu haqida doimiy ravishda rasmiy kanallarda talabalarga e’lon qilib borildi). Shunday holatlar yuzaga kelgan taqdirda Rahbariyat, talabalarning o‘z uyiga yaqinroq hududdagi Universitet filialiga tashrif buyurib, taqdim etilayotgan imkoniyatlardan keng foydalangan holda onlayn tarzda tashkil etilayotgan dars mashg‘ulotlari va yakuniy nazorat jarayonlarida ishtirok etishlari mumkinligi haqida bildirib keldi.
E’tiborlisi shuki, pandemiya davrida universitet tomonidan talabalarga yaratib berilgan sharoitlar tufayli 2020-2021 o‘quv yiliga doir talabalarning fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish reytinglari yuqori natijalarni ko‘rsatdi (81,5%).
Semestr va o‘quv yili yakuniy natijalari bo‘yicha akademik qarzdorligi bo‘lgan talabalar ham yo‘q emas va kredit tizimining afzalliklaridan biri shundaki Vazirlar Mahkamasining 569-son qaroriga asosan "Semestr va o‘quv yili yakuniy natijalari bo‘yicha akademik qarzdorligi bor ta’lim oluvchilar o‘qishdan chetlashtirilmaydi. Bu esa ne orzular bilan o‘qishga kirib lekin ayrim sabablarga ko‘ra yakuniy natijalari bo‘yicha o‘ta olmagan yoki topshira olmagan talabalarni qo‘llab-quvvatlagan holda ularni chetlashtirish o‘rniga yana qayta topshirishga imkon yaratadi.
Ta’lim oluvchini bosqichdan-bosqichga o‘tkazish uning GPA (o‘rtacha ball) qiymatini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Belgilangan GPA (o‘rtacha ball) o‘tish ballini to‘play olmagan talaba qayta o‘qish uchun tegishli bosqichda qoldiriladi. Shartnoma asosida bir bosqichda o‘qish soni chegaralanmaydi. Fanlar bo‘yicha qayta ta’lim olish uchun to‘lov qiymati universitet tomonidan butun o‘quv yilining kontrakt summasidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Qayta ta’lim olish uchun to‘lov mexanizmi davlat tomonidan belgilangan huquqiy hujjatlarga muvofiq universitet tomonidan bir kredit qiymatini hisoblash asosida belgilanadi. Bir kredit qiymati o‘quv yili davomidagi ta’lim olish uchun to‘lanadigan umumiy summani rejalashtirilgan sinov birliklari (kreditlar) miqdoriga bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi.”
Oliy ta’lim muassasalarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholash tizimi to‘g‘risidagi Nizomiga muvofiq bugungi kunda Unversitetimizda yakuniy nazorat imtihonlari natijalaridan norozi bo‘lgan talabalar arizalari maxsus apellyatsiya komissiyasi tomonidan shaffoflik va ob’ektivlik printsiplari asosida ZOOM platformasi orqali ko‘rib chiqilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, talaba baholash natijasidan norozi bo‘lgan taqdirda, baholash natijasi e’lon qilingan vaqtdan boshlab 24 soat davomida apellyatsiya komissiyasiga murojaat etishi mumkin. O‘z murojaatini ko‘rib chiqilishida talaba ishtirok etish huquqiga ega.
Onlayn ta’lim va yakuniy nazorat davrida talabalarning barcha asoslangan murojaatlari ko‘rib chiqilib, talabalar foydasiga hal qilinmoqda.
Sizlarga ma’lumki, 2020-2021 o‘quv yilining kuzgi semestri natijalariga ko‘ra o‘z vaqtida o‘zlashtira olmagan talabalarga qayta o‘qishni bepul tashkil etilgan edi. Bilasizki, sizlarning qayta o‘qish jarayonlariga jalb etiladigan professor-o‘qituvchilar mehnatiga (ularning aqliy mehnati, vaqti va qoshimcha tayyorgarligi) haq to‘lash qayta o‘qishdan tushgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
Shuningdek, Universitetimiz professor-o‘qituvchilarini yozda qayta o‘qish jarayoniga majburan bepul jalb etish mehnat kodeksiga zid bo‘lib, Universitet professor-o‘qituvchilari o‘rtasida norozilik kayfiyatini uyg‘otishga sabab bo‘ladi, bu esa o‘z navbatida berilayotgan ta’lim sifatining pasayishiga olib keladi, ahir ular haqqoniy o‘z ta’til davrida dam olish o‘rniga va qo‘shimcha yuklama ish buyurilganda to‘lov olishga ham qoniniy ham ma’naviy haqqilari bor.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, o‘z vaqtida o‘zlashtira olmagan talabalarning qayta o‘qish tartibi, belgilangan normativ hujjatlar asosida amalga oshiriladi. Universitet ma’muriyati nafaqat talabalar balki professor-o‘qituvchilar huquqlari buzilmasligi va ta’lim jarayoni qonun doirasida amalga oshirilishini ta’minlaydi. Qonun ustuvorligi ta’minlanadi.
Shu o‘rinda, aziz talabalar, o‘quv jarayonlari mobaynida Sizlarga nisbatan nohaqlik va adolatsizlik qilgan, hatti-harakatlarida ta’magirlik hissi sezilib turgan va faoliyatida ta’lim jarayonlariga aloqador bo‘lmagan holatlarni sodir etayotgan professor-o‘qituvchilar ismi-sharifini bildirsangiz, Universitet ma’muriyati bu kabi holatlarni tegishli tarzda o‘rganib chiqib, qonunda belgilangan tartibda keskin choralar ko‘rishi haqida ma’lum qilamiz. Bunday ko‘rinishdagi chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish Sizlarning faol ishtirokingizga bevosita bog‘liq.
TATU matbuot-xizmati