Bugun mumtoz adabiyotni, tasavvufni biluvchi pedagoglar yetishmaydi yoxud Alisher Navoiy chin ma’noda demokrat edi

  • Asosiy
  • Bugun mumtoz adabiyotni, tasavvufni biluvchi pedagoglar yetishmaydi yoxud Alisher Navoiy chin ma’noda demokrat edi

Hirotning Bog‘i davlatxona mavzeyida, temuriylar xonadoniga yaqin bo‘lgan davlat xizmatchisi G‘iyosiddin Bahodir oilasida tavallud topgan Nizomiddin Mir Alisher fenomenal hofiza quvvatiga ega shaxs bo‘lib, 7 yoshida Farididdin Attorning «Mantiqut-tayr» asarini hamda buyuk muhaddisimiz Imom Ismoil Buxoriy hazratlarining mingdan ziyod hadisi shariflarini yod bilgan. 7-8 yoshlaridan boshlab g‘azallar yoza boshlagan.

Badiiy adabiyotning bosh vazifasi – insonshunoslik, insonning mo‘’jizaviy qudratini ochib berishdir. Bu borada tasavvuf ilmining imkoniyati cheksiz, deb o‘ylaymiz. Sharq xalqlari ma’naviyati tarixida chuqur iz qoldirgan diniy-falsafiy ta’limot – tasavvufning paydo bo‘lishi, tadrijiy rivoji, asosiy jihatlarini bilmay turib, hazrat Alisher Navoiy (1441-1501)ning ijodiga baho berish mushkul. Tasavvuf – inson kamoloti, axloqiy poklanish haqidagi ilm bo‘lgan, mazkur tushuncha komil inson konsepsiyasida muhim nuqta sanalgan. Insonning botiniy olami, ichki ziddiyatlari, ruh va jism orasidagi kurash so‘fiylarni ko‘p qiziqtirgan. Komil inson – bir ideal, barcha dunyoviy va ilohiy bilimlarni egallagan, qalbi ezgu tuyg‘ularga limmo-lim pokiza zot, Navoiy tili bilan aytganda:

Foniyvasheki, ham so‘zidur pok, ham o‘zi.

Xuш davlat ul kishigaki, tushgay aning ko‘zi.

Tasavvuf ahli sig‘ingan ideal – Komil Inson aslida xalq ideali, adabiyot ideali edi. Bu hayotbaxsh ta’limotning peshvolari yozib qoldirgan asarlar, so‘fiyona ruhdagi she’ru dostonlarni mutolaa qilar ekanmiz, yorug‘likning zulmga, fayzu kamolning noqislik, kaltafahmlik va nodonlikka qarshi omonsiz jangiga guvoh bo‘lamiz, deydi ustozimiz Najmiddin Komilov.»Ma’rifat – jahl-nodonlikka qarshi jang» (Tustariy)da so‘fiylar Ka’ba deb ko‘ngilni tan oladilar, ko‘ngil ra’yiga yuradigan, dunyoni ko‘ngil orqali biladigan va ko‘ngilga sig‘inadigan odamlarni Allohning sevgani, deb biladilar. Navoiy ana shu ajoyib an’ananing munosib davomchisi va yalovbardori bo‘lgan. Darvoqe, Komil inson insonlar jamiyati ichidan yetishib chiqadigan mo‘’tabar zotdir. U azaldan martabasi aniq bo‘lgan ruh emas, balki axloqiy-ma’naviy poklanish jarayonida kamolga erishgandir. Komillikning oliy belgisi Haq yo‘lidan borib xalqqa foyda keltirishdir. Kishi o‘z so‘zi, amaliy ishlari, niyati bilan qanchalik odamlarga naf keltirsa, yomonlarni tuz yo‘lga solsa, Haq yo‘lida fido bo‘lsa, u shuncha komildir. Alisher Navoiyning o‘zlari ham komillik maqomiga yetishgan zot edilar.

Navoiy 1498 yilda «Lison ut-tayr» («Qush tili»), 1499 yilda «Muhokamat ul-lug‘atayn», 1500 yili «Mahbub ul-qulub» asarlarini yozib bitiradi. Bu uch asar buyuk shoir va mutafakkir ijodining avj nuqtalari edi. «Muhokamat ul-lug‘atayn» («Ikki til muhokamasi»)da o‘zining butun ijodiy yo‘lini sarhisob qilib, turkiy tildagi she’riyatning qudratini ta’kidlagan. Jumladan, unda quyidagi ma’lumot bor: «Chun «Lison ut-tayr» ilhomi bila tarannum tuzuп­мен, qush tili ishorati bila haqiqat asrorini majoz suratida ko‘rguzupmen». Alisher Navoiy go‘daklik chog‘laridan tasavvuf she’riyati yirik namoyandasi Фаридид­дин Attor yaratgan «Mantiq ut-tayr» asariga mehr qo‘ygan edi. Umrining oxirida ushbu asarga tatabbu – javob yozar ekan, o‘zining shungacha yozgan barcha asarlariga falsafiy yakun yasaydi. Attor asari Borliqning yagona mohiyati, Haq asrori va inson uchun uni anglab yetish imkoni darajasi haqida edi. «Lison ut-tayr» mazmuni «Mantiq ut-tayr»ga zid yoki undagi fikrlarning takrori ham emas, balki yangi tarixiy-ma’naviy bosqichdagi sharhi, talqinidir.

Alisher Navoiy XV asrning oxirgi o‘n yilligida o‘zining «Majolis un-nafois» va islom ma’naviyatining buyuk siymolari, xususan, turk, fors, hind mashoyixlari tarixiga oid «Nasoyim ul-muhabbat» («Muhabbat shabbodasi»)ni yozadi. Bu asarlarda ma’naviyatning jonli siymolaridan mingga yaqin kishi haqida qimmatli ma’lumotlar keltirilgan. Navoiy tasavvufiy faoliyatida Bahouddin Naqshband g‘oyalarini shu sulukning ikkinchi bir yirik namoyandasi – Xoja Ahror Valiy bilan yaqin munosabatda bo‘lgan holda rivojlantirgan. Hatto ul zotning ustozi, xassos shoir Abdurahmon Jomiy, zabardast shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburlar ham Xoja Ahrorni o‘zlarining ma’naviy piri murshidlari sifatida ehtirom qilganlar, unga atab asarlar bitganlar. «Shayxlar shayxi» deb nom olgan zotning gapini biror hukmdor, hokim, shahzoda ikki qilmagan ekan. Buyuk shoir Abdurahmon Jomiy Xoja Ahrorni «Ka’bai maqsud» desa, hazrat Alisher Navoiy «Tariqat qutbi», deb ulug‘lagan.

NAVOIY – SALTANATNING USTUNI, ADOLATNING TIMSOLI

Nizomiddin Mir Alisher Xuroson saltanatida buyuk shoirgina emas, yetuk shaxs va adolatning timsoli deya e’tirof etilgan. Hazrat Navoiyning adolati uning katta-kichik barcha ishlari, nozik ta’b asarlari, jamiyat va el-ulusga bo‘lgan munosabatlarida to‘la aks etgan. Navoiy yashagan davr va uning nomi bilan bog‘liq asaru maktublarni o‘rgangan A.Hayitmetov, A.Qayumov, A.O‘rinboyev, N.Komilov, S.G‘aniyeva, I.Haqqul, Yu. Tursunov, M. Hasanov singari olimlarning qimmatli tadqiqotlari yaratilgan. Temuriylar zamonida madaniyat, ilm-fan yuksak darajada gullab-yashnagan edi. Xususan, Navoiyning maktublari u, chindan ham «saltanatning ustuni, hoqonlikning kifti» bo‘lganligini ko‘rsatadi. Navoiy shahzodalar va ko‘proq Badiuzzamon Mirzoga yozilgan maktublarida ularni mamlakatni qanday boshqarish san’atiga o‘rgatib boradi. Temuriylar uchun alohida ahamiyat va mohiyat kasb etgan ota va o‘g‘il munosabatlariga muttasil diqqatni jalb etadi. Shahzodalarda qadim turkiy va islomiy madaniyat asosida yuksak axloqiy sifatlarni tarbiyalashga jiddu-jahd qiladi. Shu bilan birga, o‘zi va boshqa ayrim zamondoshlari to‘g‘risida nozik ma’lumotlarni qayd etib boradi…

Navoiy o‘zbek mumtoz adabiyotida «Munshaot» deb ataladigan yangi bir janrni boshlab bergan. Maktublar bir odamning ikkinchi kishi bilan bevosita suhbati va muloqoti bo‘lganligi uchun rasmiy til jimjimalaridan xoli bo‘ladi. Birgina misol: Alisher Navoiyning betob ekanini eshitgan do‘sti Husayn Boyqaro unga maxsus maktub yuborib, ahvol so‘ragan bo‘lsa kerak, Navoiy unga ushbu javobni yozadi: «Inoyat qilib so‘rdira yiborilgan inshongkim, yetti, aytsa bo‘lg‘aykim, badanda harorat shu’lasidin sharare va ko‘ngulda iztirob shiddatidin asare qolmadi. Bitikingdinki, savodini ko‘rib jon topdim».

Alisher Navoiy «muqarrabi hazrati sultoniy» («sulton hazratlarining eng yaqin kishisi») degan unvonni olgan edi. Unvon Navoiyga davlatning barcha ishlariga aralashish huquqini berardi. Uning kichik zamondoshi Zayniddin Vosifiy «Badoe’ ul-vaqoye» asarida shunday bir hayotiy lavhani keltiradi.

Bir kuni u namoz vaqtida Husayn Boyqaroning huzuriga keladi. Namoz payti podshoh huzuriga kirib arz qilish huquqi faqat Alisher Navoiyga berilgan ekan. Husayn Boyqaro nima hodisa bo‘lganini so‘raganda, Mirhoji Pir degan zolim amir boylik va martabadan quturib, o‘zini podshodan ham baland olayotganini, ko‘chalardan taxtiravonda ulug‘ sultonlar muyassar bo‘lmagan nash’u namo va tantana bilan o‘tganini shunday bo‘rttirib tasvirlaydiki, Husayn Boyqaro hovliqib ketgan bu amirning harom yo‘l bilan orttirgan molu mulkini musodara qilishni buyuradi. Bunday ibratli misollar juda ko‘p (Manba: Alisher Navoiyning «Munshaot» kitobi).

Baxil kuchlar Husayn Boyqaro bilan uning katta o‘g‘li Badiuzzamon Mirzo orasiga nizo urug‘ini sochadilar. Shunda tabarruk zotning bir necha maktublari ota bilan o‘g‘ilning orasida paydo bo‘lgan nizoni bartaraf qilishga yo‘naltiriladi. Navoiyning guvohlik berishicha, bu nizo ko‘proq o‘g‘ilning kibru havoga berilganligidan kelib chiqqan edi. Astrobodga hokim qilib tayinlangan Badiuzzamon Mirzo otasining xazinasiga viloyatdan yuborilishi kerak bo‘lgan mol-mablag‘ni yubormaydi. Navoiy yozadi: «Yana bitibsizkim, «Astrobodga kishi yubormangkim, bermagumdur»… Bu mazmunni ham muloyimroq bita olur erdingiz...». Navoiy hovliqib ketgan shahzodaning xatolarini aniq dalillar bilan isbotlab beradi. Maktublar samimiyat va jonkuyarlik bilan yozilgani uning har bir satridan sezilib turadi. 37 raqam qo‘yilgan ikkinchi maktubda Navoiy Badiuzzamon Mirzoga «majlis qurib chog‘ir icharga ko‘p hirs ko‘rsatilmasa, kutubxona ahli bilan mashg‘ullik qililsa, tavorix o‘qumoq buyurilsa… bataxsis (xususan) «Zafarnoma».Shu nasihatlar orasida Navoiy Amir Temurning Husayn Boyqaroga to‘rtinchi nasab ekanini, shu sababli har hafta juma namozida Temurbekning nomini xutbaga qo‘shib o‘qitishini ibrat qilib ko‘rsatadi.

«Siz esa inshongiz tug‘rosidan Mirzoning muborak otin chiqaribsiz», deb Navoiy shahzodaning yana bir xatosi otasiga hurmatsizlik qilgani ekanini aytadi. Hadisi sharifdan payg‘ambarimiz aytgan quyidagi so‘zlarni keltiradi: «Tengri taolo rizosi ota rizosiga vobastadir. Tengri taolo g‘azabi ham ota g‘azabiga vobastadir. Mashoyixlar «valeduka rabbuka», ya’ni «otang parvardigoringdur» deganlar».

NAVOIY – MA’NAVIY PIRIMIZ

Biz Navoiyni asarlarini anglashni boshlasak, milliy uyg‘onish jarayoni tezlashadi, uchinchi renessansni qurishimiz yengillashadi. Albatta, renessans asoslarini yaratishda Navoiy ma’naviy pir, Amir Temur moddiy madadkor missiyasini bajaradi. Bu haqqoniy gap. Hazrat Alisher Navoiyga kelsak, ma’naviy-ruhiy dunyosining ko‘proq ikki jihatini: jahon ma’naviyat olamiga qo‘shgan ulushini hamda shoir oldidagi ma’naviy qarzimiz miqdorini chuqur his etish fursati yetib keldi.

Xamsanavislik, gumanizmni yoqlash, adolatli podsholikka chorlash, komil insonni ulug‘lash, tasavvuf ilmini yuksaklikka ko‘tarish, oilada tarbiyaga urg‘u berish, ustoz-shogirdlikni tiklash, baynalmilallik, tilni kamolotga yetkazish Hazratning benazir xizmatlari bo‘lsa, «Xamsa», «Xazoyin-ul maoniy» va barcha asarlariga joylangan ma’naviy xazinani tushunish, komil inson bo‘lish, adolatli jamiyat qurish, jamiyatda ma’rifatli insonlarni qadrlash kabi siyosiy tadbirlar pir oldidagi qarzlarimizdir.

Bizga ma’lumki, demokratiya, so‘z erkinligini ko‘pincha G‘arb mamlakatlarining mevasi, deb taqdim etadilar. Haqqoniy, xolis axborotning saltanatni boshqarishdagi ahamiyati haqida «Sen shohsen – agar ogohsen, agar ogohsen shohsen sen», deb bundan besh yuz yil oldin xitob qilgan Alisher Navoiy chin ma’noda demokrat edi.

Shoirning fikricha, insonning qadr-qimmati uning mol-mulki bilan emas, balki ma’naviy qiyofasi, axloqiy sifatlari bilan o‘lchanadi. Navoiy falsafasida siyosiy nazariya (ideal davlat qurish) va axloqiy nazariya (komil inson ta’limoti) uzviy bog‘liqlikda ifodalanadi. Ijtimoiy-siyosiy masalada shoir gumanistik ta’limotni yaratdi: shohni bog‘bonga, mamlakatni bog‘ga qiyosladi, unga ko‘ra, bog‘bon oqil, mehnatsevar bo‘lsa, bog‘i gullab yashnaydi, podshoh ma’rifatli, bilimdon, adolatparvar bo‘lsa, xalqini sevsa, mamlakati obod bo‘ladi!

Navoiy xalqlar o‘rtasidagi buyuk do‘stlikni o‘z asarlarida tarannum etgan. Qarangki, shoir dostonlarining qahramonlari turli xalq vakillari: Shirin – arman qizi, Farhod – xitoy o‘g‘loni, Shopur – eronlik, Ma’sud – hind, Layli va Majnun – arab, Iskandar va uning maslahatchilari Arastu, Buqrot, Suqrot – yunonlik bo‘lishgan.

Mir Alisher Navoiy ma’naviy pirimiz, biz uchun ideal, doimo intiladigan yetuk siymo, fenomenal shaxs! Buyuk shoirning ma’naviyatimiz uchun qo‘shgan olamshumul hissasi jasorat namunasi edi. Shul bois, Zahiriddin Muhammad Bobur «Turkiy til bila to she’r aytibdurlar, hech kim oncha ko‘p va xo‘b aytqon emas», deb e’tirof etadi.

Qila olg‘uncha ul bo‘lsin shioring,

Ki yaxshi ot qolg‘ay yodgoring.

Alisher Navoiy butun umrini nafaqat ijodga, balki xalq farovonligi yo‘lida bunyodkorlik hamda ezgulik va xayr-saxovat ishlariga bag‘ishlagan. Ha, Navoiy umri bo‘yi millat qayg‘usida yashagan,o‘z jamg‘armasi hisobidan Hirotda va butun Xuroson mamlakatida 300 dan ortiq inshootlar qurdirgan...

AYRIM KAMCHILIKLAR...

Yurtimizda Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi yuksak darajada nishonlanmoqda. Uning nazmiy asarlari 120 ming baytdan ortiq. 51230 misradan tashkil topgan «Xamsa» esa shoirning shoh asaridir. «Xazoyin ul-maoniy» (Ma’nolar xazinasi) devoni qariyb 45 ming misradan iborat. Nazarimda, hazrat Navoiyga ma’nan yaqinlashish, asarlarida jo bo‘lgan tasavvufiy ma’nolarni yaxshi tushunish borasida tan olish kerakki, ayrim kamchiligimiz mavjud. Prezidentimizning 2021 yil 4 fevralda “Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risida»gi qabul qilgan qarori ana shu ishlarni yakuniga yetkazish borasida katta qadam bo‘ldi. Fondning faoliyati Alisher Navoiy hayoti, yuksak insonparvarlik g‘oyalari va ilmiy-adabiy merosini yurtimizda va xalqaro miqyosda keng o‘rganish va targ‘ib qilish, asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilishmukammal ilmiy nashrlarini yaratish, ularni respublikada va chet ellarda nashr etishga qaratilgan. Alisher Navoiy xalqaro fondi bu borada sezilarli ishlarni amalga oshirishiga ishonamiz. Xorijiy ellarda ham shoir, mutafakkir nomini va asarlarini yaxshi bilishadi.

Masalan, AQSHning Indiana shtatida bir ayol dissertatsiya yoqlagan, Turkiyada o‘nlab tadqiqotlar chop etilgan. Mamlakatimizda esa Navoiy bobomiz nomlari bilan yuritiluvchi bog‘lar, ilm-fan, madaniyat maskanlari va bitta viloyatimizga mutafakkirning nomlari berilishi davlatimizning, xalqimizning shoir siymosiga bo‘lgan ehtiromining yorqin namunasidir.

Ammo qayd etish joizki, hozirga qadar maktablarda, institutlarda Navoiy ijodiga bag‘ishlangan maxsus kurslar o‘tilmaydi, mumtoz adabiyotni, tasavvufni bilguvchi pedagoglar yetishmaydi. Taklifimiz shuki, maktablarda «Tasavvuf», «Alisher Navoiy asarlariga kirish» fanlarini navbatma-navbat kiritish, nashriyotlarda «Xamsa» dostonlari nasriy bayonini, Navoiy asarlari izohli lug‘atini qayta chop etish, shuningdek, yangi tuzilgan fond orqali «Navoiyshunoslik» nomli qisqa kurslarni tashkil etish maqsadga muvofiq. Maktab o‘quvchilari uchun Alisher Navoiy gumanizm g‘oyalarini tushuntiradigan sodda, ravon tabdillar (nasriy bayon)ni mobil ilovalarda, telegram kanallarda berib boraverish lozim.

Bir kichik maqolada Navoiyning adabiyot va millat oldidagi xizmatlarini ochib berish qiyin ishdir. Buyuk bobokalonimiz o‘zidan bebaho adabiy meros qoldirib, ulkan jasorat ko‘rsatgan nurli siymo edi.

Navoiyni anglash – milliy uyg‘onish yo‘li va uchinchi renessansning boshi! Zero, Navoiy inson qalbi va e’tiqodini yuksaltirish, dunyo miqyosida fikrlashga da’vat qiladi! Bu masala yechimida, albatta, Navoiy bobomizning o‘lmas asarlari ilmga tashna yoshlarimiz uchun ideal, ma’naviy mayoq vazifasini o‘taydi.

 

Baxtiyor OMON,

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professori, siyosiy fanlar doktori.