OʻZBEK TILIGA DAVLAT TILI MAQOMI BERILGANLIGINING 31 YILLIGI MUNOSABATI BILAN TATU REKTORINING TABRIGI

  • Asosiy
  • OʻZBEK TILIGA DAVLAT TILI MAQOMI BERILGANLIGINING 31 YILLIGI MUNOSABATI BILAN TATU REKTORINING TABRIGI

Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar!

Muhtaram ustozlar!

Aziz talabalar!

Avvalambor, millatimiz ruhi, milliy gʻururimiz –  oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining oʻttiz bir yilligi, “21-oktabr – oʻzbek tili bayrami” munosabati bilan siz, azizlarni, siz orqali barcha vatandoshlarimizni chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Darhaqiqat, til millatning  ulkan boyligi va bebaho mulkidir. Boisi milliy tilda xalqning maʼnaviy-madaniy hayoti, ajdodlarning dunyoqarash va tafakkuri, boy ilmiy va ijodiy merosi mujassam boʻladi. Dunyodagi barcha ezguliklar ona allasi orqali farzand ong-u shuuriga ona tilida singadi. Istiqlol, milliy gʻurur kabi tushunchalar ham ona tili bilan chambarchas bogʻlangan. Shu sababdan oʻzligini saqlab qolishga intilgan har bir xalq, millat ona tilini asrab-avaylashni va avlodlarga uni rivojlantirgan holda yetkazishni oʻzining muqaddas burchi deb biladi.

Muhtaram yurtboshimiz taʼbiri bilan aytganda, har birimiz davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni mustaqillikka boʻlgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozimdir.

Zero, Ona tilimiz – millatimizning ruhi, tariximizning koʻzgusi, milliy maʼnaviyatimizning asosidir. Shunday ekan, ona tilimizni eʼzozlash, munosib hurmat hamda ehtirom koʻrsatish barchamizning muqaddas burchimiz va majburiyatimizdir!

2019-yil 21-oktabr kuni Davlatimiz rahbari “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi. Xususan, 21-oktabr yurtimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb belgilandi. Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi. Qolaversa, Vazirlar Mahkamasi huzurida oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradigan, yangi soʻz va atamalarni rasmiy isteʼmolga kiritadigan Atamalar komissiyasi ishlab turibdi. Quvonarlisi, ushbu komissiyada Universitetimiz professori, texnika fanlari nomzodi R.I. Isayev, dasturiy injenering fakulteti dekani, texnika fanlari nomzodi B.B. Akbaraliyev ustozlarimiz normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida adabiy til qoidalari va normalariga, shuningdek, texnik va boshqa maxsus qoidalarga rioya etilishini taʼminlashda oʻzlarining katta hissalarini qoʻshib kelmoqdalar.

Bugungi globallashuv davrida oʻzbek tilini rivojlantirish va targʻib qilishda axborot texnologiyalarining oʻrni katta. Axborot asrida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, xususan, internet tarmogʻidan foydalanib oʻzbek tilini oʻrganish va oʻrgatish yana-da qulayroq. Bu borada sohada amalga oshirilayotgan ishlar, qolaversa, universitet jamoasi aʼzolari tomonidan yaratilgan dasturiy mahsulotlar nafaqat yurtimiz, balki boshqa chet davlatlar va millatlarga oʻzbek tilini targʻib qilishda va oʻrganishida yordam beradi, degan umiddamiz.

Aziz hamkasblar va talabalar!

Fursatdan foydalanib, yana bir bor barchangizni ulugʻ bayram bilan samimiy tabriklayman!  

Rektor Babaxodjayev Sarvar Nadjimovich