14. Test sinovlari kunduzgi va maxsus sirtqi bo‘limlar uchun 1 avgustda o‘tkaziladi.
15. Oliy ta’lim muassasasida tanlangan ta’lim yo‘nalishiga qarab abiturientlar tegishli ravishda ikki yoki uch fan majmualari bo‘yicha test sinovlaridan o‘tadilar.
«Jurnalistika», «Xalqaro jurnalistika» va «Nutq madaniyati va notiqlik san’ati» ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari bilan bir qatorda (0 bilan 75,6 ballgacha bo‘lgan oraliqda baholanuvchi) ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi.
Test topshiriqlari o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi umumta’lim fanlari o‘quv dasturlariga muvofiq tuziladi.
16. Majmuaning har bir fani 36 topshiriqni o‘z ichiga oladi.
Quyidagi vaqt me’yorlari belgilanadi:
- 72 savolga — 2 soat;
- 108 savolga — 3 soat.
Majmualar quyidagi fanlar bo‘yicha shakllanadi:
- Ona tili va adabiyoti: o‘zbek tili va adabiyoti
- Ona tili va adabiyoti: rus tili va adabiyoti
- Ona tili va adabiyoti: qoraqalpoq tili va adabiyoti
- Matematika
- Fizika
- Kimyo
- Biologiya
- Tarix
- Geografiya
- Chet tili: ingliz tili
- Chet tili: nemis tili
- Chet tili: fransuz tili
Test sinovlari boshlanishiga qadar 30 daqiqagacha abiturientlar javoblar varaqasini to‘g‘ri to‘ldirish tartibi bilan tanishadilar va uning tegishli joyiga o‘zlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yozadilar. Bu vaqt test o‘tkazish uchun ajratilgan vaqt me’yoriga kirmaydi.
Test sinovlarini tashkil etish va ularni joylarda adolatli o‘tkazish mas’uliyati, test sinovlari qoidalariga qat’iy rioya etgan holda Davlat test markazi vakillari, oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari raislari, hokimliklar va ular tomonidan tayinlanadigan auditoriyalarning rahbarlariga yuklanadi.
Test sinovi sinov o‘tadigan xonada sinovni o‘tkazish qoidalari talablariga qat’iy rioya etilgan tarzda to‘g‘ri va adolatli o‘tkazilishini ta’minlash bo‘yicha shaxsiy mas’uliyat auditoriya rahbari va kuzatuvchisi zimmasiga yuklanadi.
Test sinovi ertalab soat 8 dan 30 daqiqa o‘tganda boshlanadi.
Javoblar varaqasi abiturient tomonidan havo rang pastasi bo‘lgan sharikli ruchka bilan to‘ldiriladi.
Javoblar varaqasini to‘ldirishga test sinovi uchun belgilangan vaqt me’yoriga qo‘shimcha 20 daqiqa ajratiladi.
Javoblar varaqasi to‘g‘ri to‘ldirilishi uchun abiturient shaxsan javobgardir. Javoblar varaqasidagi tegishli doirachalarni noto‘g‘ri belgilagan abiturientlarning e’tirozi ko‘rib chiqilmaydi.
Abiturient tomonidan uyali telefonlar va boshqa aloqa vositalarini olib kirish va foydalanish qat’iy man etiladi.
Test sinovlariga abiturient mikrokalkulyator, lug‘at, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirgan bo‘lsa, test jarayoni davomida test materiallarini boshqa abiturientga uzatsa, abiturientlarga yordam bersa, abiturient test sinovlarini o‘tkazish tartibini buzgan hisoblanadi va dalolatnoma tuzilib, u test sinovidan chetlashtiriladi.
Test sinovi jarayonida abiturient tomonidan savollar kitobi varag‘i yirtib olinganligi aniqlansa, test sinovlarini topshirish qoidalari buzilgan hisoblanadi va test sinovidan chetlashtiriladi.
Belgilangan vaqtda test sinovlariga kelmagan abiturientlar uchun qo‘shimcha test sinovlari o‘tkazilmaydi.